11:46 / 27.06.2015
9349

"Sabo" gazetasi Jurnalistlar kuni munosabati bilan Kun.uz va xabardor.uz nashrlari ta'sischisi bilan suhbat o‘tkazdi

Bugungi kunda O‘zbekistonda salkam 1400ta ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 4 tasi agentlik, 689ta gazeta, 283ta jurnal, 15ta byulleten, 66ta telekanal, 34ta radiostansiya va 304tasi veb-saytlar hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ma'lumotlariga tayangan holda “SABO” gazetasi xabar bermoqda. 

Gazetada keltirilishicha, ushbu agentlikning api.uz sayti o‘tkazgan so‘rovnomadagi “O‘zbekiston haqida yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun qaysi ommaviy axborot vositasidan ko‘proq foydalanasiz?” degan savolga qatnashchilarning 26 foizi TV, 16 foizi gazeta, 4 foizi radio va 54 foizi veb-saytlar, deya javob bergan.

“SABO”ning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan maxsus bayram sonida Kun.uz va Xabardor.uz saytlarining ta'sischisi - «Web expert» MChJ direktori Maqsud Asqarov bilan batafsil suhbat ham o‘rin olgan.

Quyida shu suhbat matni bilan tanishish mumkin.

“Xorij saytlarni emas, bizni o‘qishsin!” 

- Kun.uz internet-nashri 2012 yil yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan va ish boshlagan, -deydi biz bilan suhbatda «Web expert» MChJ direktori Maqsud Asqarov. -Loyihaga O‘zbekiston Davlat Jahon tillari instituti talabasi Muhrim A'zamxo‘jayev asos solgan. Nashr o‘z oldiga O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni maqsad qilib qo‘ygan.

2012 yil boshida o‘zbek tilida kundalik, muntazam, kuniga o‘nlab xabarlar tarqatadigan saytlar barmoq bilan sanarli edi. Nashrimiz ishonchli va tezkor axborotga bo‘lgan ehtiyojni qondirish vazifasini bajardi va ayni kunda ham shu maqsadda ish olib bormoqda.
2014 yil kuzida sayt jamoasi butunlay yangilandi va faoliyati kengaytirildi.

Xabardor.uz esa 2014 yilning kuzida ish boshladi. Bu sayt ham o‘zbek internet foydalanuvchilari uchun muhim va qiziqarli ma'lumotlar yetkazish, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazish uchun xizmat qiladi.

Saytlar nega aynan “Kun” va “Xabardor” deb nomlangan?

Kun.uz ga sayt kun davomida uzluksiz ravishda yangiliklarni uzatishi nazarda tutilgan holda shunday nom tanlangan.

Xabardor.uz kelsak, dastlab bu sayt keng qamrovli portal bo‘lishi rejalashtirilgan, unda yangiliklar ham, qiziqarli ma'lumotlar ham, tahliliy maqolalar ham o‘rin olishi ko‘zda tutilgani bois shunday nom tanlangandi. Sayt Kun.uz bilan birlashgach, xabar uzaytirish doirasi toraytirildi, lekin brendga aylanib ulgurgan «xabardor» nomi saqlab qolindi.

- Ushbu saytlar o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erisha oldimi?
- Hozirgi kunda yangiliklar saytlari ko‘payishda davom etmoqda. Shu paytgacha faqat xorijiy tillarda faoliyat olib borgan O‘zbekistondagi boshqa saytlar ham o‘zbek tilidagi versiyalarini ishga tushirmoqda. Bunday sharoitda raqobatni his qilgan holda ishlashda davom etish kerak. Shu vaqtgacha erishilgan yutuqlar qatorida esa Kun. “O‘zbekistonda o‘zbek tilida o‘qimishli sayt qilib bo‘lmaydi”, degan qarashlarga barham bergani, biz bilan hisoblashisha boshlashgani, mustaqil OAV sifatida tan olishganini qayd etish mumkin.
Ayni vaqtda saytga har kuni kamida 100dan ortiq xabar joylashtiriladi, bu ko‘rsatkichni 2 barobar oshirishni galdagi maqsad sifatida qabul qilishimiz mumkin. Shuningdek, saytga har kuni o‘rtacha 60 ming o‘quvchi tashrif buyuradi. Bu ko‘rsatkichni ham bosqichma-bosqich oshirib borishni reja qilganmiz.
Xabardor.uz esa o‘ziga xos auditoriyani yig‘ib oldi. Bu yo‘nalishda hozircha raqobatchi yo‘qligini hisobga oladigan bo‘lsak, maqsadlarimizga osonlik bilan erishib boryapmiz.

- Bugungi kunda “Kun” va “Xabardor” kimlarni o‘ziga raqobatchi deb biladi yoki boshqacharoq aytganda, qaysi saytlarni e'tirof etadi?
- Aslida saytlar faoliyatini kuzatib, kerakli xulosalarni chiqarish ham mumkin... Saytimizga doimiy ravishda kirmaydiganlarni o‘ziga jalb qilgan barcha saytlar raqobatchilarimiz hisoblanadi. Maqsadimiz esa, yuqorida aytilganidek, o‘zbek auditoriyasining o‘ziga kerakli xabarlarni xorij saytlaridan emas, tekshirilgan va o‘zbek tilida yozilgan mahalliy saytlarda o‘qishini ta'minlashdan iborat.

- O‘zbekistonda internet-jurnalistika rivojini qanday tasavvur etasiz?
- Yildan yilga O‘zbekistonda internet saytlari auditoriyasi kengayib borishi tayin. Bunday sharoitda esa, o‘z-o‘zidan, saytlarning rivojlanishi talab qilinadi, maydonda bu talablarga javob berganlar qoladi.
Fikrimcha, kelajakda internetdan foydalanish madaniyati oshadi, internet nashrlariga munosabat yaxshilanib boradi, reklama beruvchilar ham asosan internet nashrlarga e'tiborini qaratishadi. Albatta, shunga yarasha saytimizga tashrif buyuruvchilar millionlarga yetgan bo‘ladi.

- “Xabardor”ning tashqi ko‘rinishida ba'zi Rossiya saytlariga taqlid ko‘zga tashlanadi. Imijni o‘zgartirishga harakat bormi?
- Tashqi ko‘rinish jihatidan rus saytlariga o‘xshashlikni taqlid deb baholayotganga o‘xshaysiz. Tashqi ko‘rinishdan o‘xshashlik bo‘lishidan qochib qutilib bo‘lmaydi. Aytish joizki, biz har kuni sayt imijini yaxshilash ustida bosh qotiramiz va ish olib boramiz. Har kuni yangi g‘oyalar va loyihalar haqida o‘ylaymiz. Bu loyihalarni asta-sekinlik bilan joriy etib boramiz ham.

-“Kun” internet-OAV reytingida peshqadamlardan biri ekanligini bilamiz. Qolgan raqamlar bilan ham tanishtirsangiz...
- So‘nggi bir yil davomida saytimizga 2 mln.dan ortiq tashrif amalga oshirilgan. Kuniga o‘rtacha 55-60 ming, bir oyda esa taxminan 450-500 ming kishi kirmoqda. Asosiy, ya'ni 80 foizdan ortiq o‘quvchilar O‘zbekiston hududidan, qolgan 20 foizga yaqini xorijdan. Xususan, Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya va Germaniyadan kiradiganlar ko‘p.
Eng talabgir xabarlar esa O‘zbekiston hayotiga oid yangiliklar sanaladi. Shuningdek, shou-biznes va sport sohasiga oid yangiliklarga ham qiziqish katta.

- “Kun” va “Xabardor”ning shunday yo‘nalishdagi boshqa saytlardan farqli jihatlari nimada?
-Bu biroz betakalluflik bo‘lsa ham qayd etishimiz joizki, “Kun.uz” shu yo‘nalishdagi boshqa nashrlardan farqli tarzda eng ko‘p xabar tarqatadigan sayt sanaladi. Shuningdek, hafta va kun davomida ishlash vaqti uzunligini alohida jihat sifatida sanashimiz mumkin. Ya'ni, Kun.uz haftaning shanba va yakshanba kunlari ham to‘liq tartibda ishlaydi. Qolgan farqli jihatlar esa bundan keyin paydo bo‘lishda davom etadi.

- Saytlarning kelgusidagi rejalari qanday?
- Birinchi navbatda yaqin vaqt ichida bo‘ladigan yangilikni aytaman: sayt uchun mobil ilova yaratilmoqda va tez kunlar ichida muxlislar xabarlarni o‘qishda yanada qulayliklarga ega bo‘lishadi.
Qolaversa, saytga joylardan reportajlar uyushtiradigan muxbirlar, fotomuxbir yollash, intervyu va suhbatlar bo‘limini tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Bilasiz, bu rejalarning amalga oshishi moliyaviy resurslarga borib taqaladi. Biz shunday muammolarni bartaraf etish bilan birga yangidan-yangi loyihalarni taqdim etib borishimiz mumkin.

Top