23:14 / 27.06.2015
3193

Tunisdagi teraktda 15 britaniyalik halok bo‘ldi

Tunisda terakt paytida kamida 15 britaniyalik halok bo‘ldi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tobis Ellvudning aytishicha, bu raqam jasadlar shaxsi o‘rnatilishi bilan yana ortishi mumkin.

Ellvudning aytishicha, bu terakt 2005 yil 7 iyuldagi Londondagi portlashlardan keyin Britaniya fuqarolariga qarshi sodir etilgan eng yirik terakt bo‘ldi. Avvalroq Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fellon ta'kidlaganidek, bu teraktda halok bo‘lganlar va jarohat olganlarning ko‘pchiligini britaniyaliklar tashkil etmoqda.

26 iyun kuni Tunisning Sus shahrida terrorchi “Imperial Marxaba” va “Soviva” mehmonxonalari yonidagi plyajda odamlarga qarata o‘q uzgan. Tunis hukumati hozircha teraktda jabrlanganlarning millati haqidagi aniq ma'lumotni bermayapti, biroq ular asosan Buyuk Britaniya, Belgiya, Fransiya va Germaniya fuqarolari ekanligi ma'lum bo‘lmoqda. 39 nafar jarohat olganlar orasida Ukraina va Norvegiya fuqarolari ham bor. Shuningdek, bir nafar Rossiya fuqarosi ham jarohat olgan.

Xabar qilinishicha, Tunisga mamlakat huquq-tartibot muassasalariga ushbu teraktni tergov qilishda yordam berish uchun Londonning Skotlend-yard politsiya boshqarmasi xodimlari yo‘l olganlar.

Top