18:32 / 28.06.2015
3469

Ispaniya futbol ligasi 2022 yilgi jahon chempionati o‘tkazilishi yuzasidan FIFA ustidan da'vo arizasi topshirdi

Ispaniya Professional futbol ligasi Sport arbitraj sudiga FIFA ustidan Qatardagi 2022 yilgi jahon chempionati noyabr-dekabrda o‘tkazilishi yuzasidan da'vo arizasi topshirdi. Bu haqda Ispaniyadagi “AS” nashri xabar tarqatmoqda. 

Liga uch nafar mustaqil ekspert yordamida hisob-kitob o‘tkazib, unga ko‘ra jahon chempionati o‘tkazilishi muddatlari ko‘chirilishidan liga 65 mln yevro ziyon ko‘rishi aniqlandi. Bu e'tirozlarga barcha Yevropa futbol ligalari rozi bo‘ldi, biroq rasmiy da'vo qiluvchi sifatida faqat ispan ligasi chiqmoqda.

O‘tgan yilning dekabrida Yevropa klublari uyushmasi va Yevropa professional futbol ligalari uyushmasi 2022 yilgi jahon chempionatini 5 maydan 4 iyungacha o‘tkazishni taqlif qilishgandi. Biroq FIFA Qatardagi jahon chempionatini noyabr-dekabrda o‘tkazishga qaror qildi. Chempionat 28 kun davom etishi va final uchrashuvi 18 dekabrda bo‘lib o‘tishi belgilangan.

FIFAning bu qarori Qatarda yozda havo harorati 40 gradusdan oshib ketishi bilan bog‘liq holda qabul qilingan. FIFA bu qarorga kelishda 2022 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi muddati (4-20 fevral) va 2022 yilda Ramazon oyi boshlanishi vaqtini (2 aprel) hisobga olgan.

Top