Sport | 14:33 / 29.06.2015
1781
2 daqiqa o‘qiladi

Taekvondo bo‘yicha Avstraliyada o‘tkazilgan ochiq chempionatda 2 nafar o‘zbekistonlik sportchi sovrindor bo‘ldi

Joriy yilning 26-28 iyun kunlari Avstraliyaning Melburn shahrida o‘tkazilgan ochiq chempionatda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan uch nafar taekvondochidan ikki nafari sovrindorlar safidan o‘rin egalladi.

Dunyoning qirqdan ziyod davlati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur nufuzli musobaqada hamyurtlarimizdan, shu yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati g‘olibi Dmitriy Shokin (+87 kg) Avstraliyada ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, o‘z vaznida dunyoda tengsiz ekanligini yana bir karra isbotlagan bo‘lsa, Jahon chempionati kumush medal sovrindori, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Jasur Boyqo‘ziyev finalga qadar kechgan bahslarni g‘alaba bilan yakunlab, kumush medal sovrindori bo‘ldi.

Mazkur xalqaro musobaqada Dmitriy Shokin va Jasur Boyqo‘ziyevdan tashqari 2014 yili Nankin (Xitoy)da bo‘lib o‘tgan o‘smirlar olimpiada o‘yinlari sovrindori Umida Abdullayeva ham ishtirok etdi.

Ma'lumot uchun. Avstraliya ochiq chempionatida 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaldi. Har bir vazn toifasida g‘oliblikka erishgan sportchilar 20 reyting ochkosiga ega bo‘lishdi. Terma jamoa a'zolari 30 iyun kuni Toshkentga qaytib keladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish