14:46 / 29.06.2015
9098

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari klassifikatori yangilandi

2015 yil 19 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatorini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Mazkur qarorga asosan, xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatori tasdiqlandi va 2015 yil 1 iyuldan boshlab amalga kiritilishi belgilandi.
Klassifikatorda ishchilarning 5538ta asosiy kasblari hamda xizmatchilarning 2857ta asosiy lavozimlari berilgan. Bu haqda xushnudbek.uz sayti xabar bergan.

Klassifikator quyidagi holatlarda majburiy hisoblanadi:
 —  xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish yuzasidan - xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni qayd etishda, mehnat shartnomalari tuzishda, buyruqlarni rasmiylashtirishda, xizmatchilarning lavozimlarini xodimlar toifalariga kiritishda;
 —  ishga qabul qilishda xodimlar ma'lumotining eng past darajasi, ishchilar kasblari bo‘yicha tarif razryadlarini belgilash yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida, xo‘jalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda.

Yangilangan klassifikatorda oldingisidan farqli o‘laroq, oliy ta'lim muassasalarini 2001 yilgacha (ushbu yil ham kiradi) tamomlagan shaxslar magistr darajasini olgan shaxslarga tenglashtirildi.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi 2016 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda Klassifikator bazasida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining tarmoqlararo tarif-malaka ma'lumotnomasi ishlab chiqilishini, ushbu ma'lumotnomaning elektron versiyasi vazirlikning rasmiy saytida joylashtirilishini, shuningdek ma'lumotnoma tashkilotlarning buyurtmanomalari bo‘yicha ular orasida pulli asosda tarqatilishini ta'minlaydi.

Top