Jahon | 09:34 / 30.06.2015
4208
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada terakt amalga oshirgan gumonlanuvchi "IShID" bilan aloqasi borligini inkor etmoqda

Fransiyaning janubi-sharqiy qismida joylashgan Sen-Kanten-Fallave shaharida (Izer departamenti) terakt amalga oshirishda gumon qilinayotgan 35 yoshli Yasin Soliy "IShID" bilan aloqasi borligi sabab o‘z rahbarining boshini tanasidan mahrum qilganini inkor etmoqda. Bu haqda tergovga yaqin manbalardan biri ma'lum qilmoqda.

Gumonlanuvchi ushbu jinoyatni rafiqasi va boshlig‘i bilan nizolar sababli amalga oshirganini ta'kidlamoqda.

26 iyun kuni gumonlanuvchi avtomobilda gaz ballonlari ishlab chiqariladigan korxona hududiga kirib, avtomobilini ko‘chada turgan gaz to‘ldirilgan idishlarga borib urgan. Voqea joyida ekstremistik bayroq va tanadan judo qilingan bosh topilgan.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Soliyning boshlig‘i Erve Kornar uning jinoyati qurboni bo‘lgan. Soliy so‘roq paytida o‘z boshlig‘ini o‘ldirib, keyin boshini olib tashlaganini tan olgan.

Fransiya Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznyov Soliyning 2006-2008 yillar davomida salafiylar bilan aloqasi tufayli fransuz huquq-tartibot muassasalari kuzatuvida bo‘lganini ma'lum qilgan. Soliy avval sudlanmaganligi aytilmoqda.

Jinoyat qurboni Erve Kornar Fransiya hududida terakt oqibatida boshidan judo qilingan birinchi qurbon bo‘ldi. Bu amaliyot "IShID" terrorchilik guruhi tomonidan Iroq va Suriyada keng qo‘llab kelinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish