Jahon | 22:41 / 30.06.2015
3506
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada Ukrainada Boing samolyotining qulashiga aloqador bo‘lgan kishilar ro‘yxati tuzildi

Niderlandiya bosh prokurori va Ukrainada Boing samolyotining qulashi bo‘yicha tergov koordinatori Fred Vesterbeke samolyotning falokatga uchrashiga aloqasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tuzilganini ma'lum qildi. Bu haqda Le Figaro nashri xabar bermoqda.

“Bizda qiziqish uyg‘otayotgan bir guruh odamlar bor”, deb aytdi Vesterbeke Rotterdamda bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanida va bu odamlar hozircha formal tarzda gumonlanuvchilar hisoblanmasligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Shu bilan birga u ro‘yxatda keltirilgan ismlar bo‘yicha hech qanday ma'lumot bermadi. Vesterbekening aytishicha, tergov joriy yil oxirigacha davom etishi mumkin.

24 iyunda Niderlandiyadagi shaxsi noma'lum qolishini istagan bir manba Reuters axborot agentligiga Amsterdam o‘z hamkorlari bilan birga Boingning qulashiga aloqadorlikda gumon qilinayotganlarni sud orqali taqib qilish bo‘yicha xalqaro tribunal o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma'lum qilgandi.

26 iyunda Moskva Boing samolyoti falokati bo‘yicha xalqaro tribunal o‘tkazish haqidagi fikrni besamar va bemahal aytilgan deb hisoblashi ma'lum qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish