Jamiyat | 19:44 / 30.06.2015
18466
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarada sodir bo‘lgan otishmaga o‘z munosabatini bildirdi

O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati qoshidagi davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati Qirg‘iziston chegarachilari tomonidan o‘zbekistonlik hamkasblarining o‘qqa tutilishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, 29 iyun kuni soat 10:30da noma'lum sabablarga ko‘ra Qorasho‘ro zastavasi chegarachilari O‘zbekiston MXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarini o‘qqa tutgan. Buning natijasida o‘zbekistonlik chegarachilardan biri yaralangan. Uning ahvoli juda og‘ir deya baholanmoqda.
“Voqea joyida tomonlarning tuman va viloyat chegara apparatlari vakillari darajasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda voqea faktlari muhokama qilindi. Qirg‘iziston vakillari o‘zbekistonliklarni ushbu voqeada ayblashga harakat qilishdi, lekin ashyoviy dalillar keltira olmadi. Shunga qaramay, vakillarning alohida suhbati jarayonida polkovnik U. Sharsheyev o‘zbekistonlik chegarachilarga qarshi e'tirozi va dalillari yo‘qligini tan olib, bo‘lib o‘tgan voqealardan afsusdaligini bildirdi va kechirim so‘radi”, – dedi matbuot xizmati vakili.
Aniqlanishicha, aynan shu zastava shaxsiy tarkibi 16 iyun kuni mast holda O‘zbekiston fuqarosini kaltaklagan. Buning natijasida fuqaro F. Nasriddinov 17 iyun kuni shifoxonada vafot etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish