09:09 / 30.06.2015
5719

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida aholi jon boshiga yillik go‘sht iste'mol miqdori 1,3 baravar ko‘paydi

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Sobir Mavlonovning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida aholi jon boshiga yillik go‘sht iste'mol miqdori 1,3 baravar ko‘paygan. Bu haqda u Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbekiston chorvachiligi: erishilgan natijalar, istiqboldagi vazifalar” mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

"Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yalpi ulushining 42 foizi chorvachilik hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bunga chorva mollarini ko‘paytirish va mahsuldorlikni oshirish hisobiga erishilmoqda. Misol uchun, 2006-2014 yillarda Ukraina, Belarus, Polsha, Avstriya, Germaniya, Gollandiya kabi mamlakatlardan 46 mingga yaqin yuqori mahsuldor qoramol olib kelindi. Ulardan 163 ming buzoq olindi. Naslchilik xo‘jaliklarida sigirlardan kuniga 20-30 kilogrammdan sut olinmoqda", Sobir Mavlonov.

Uning aytishicha, so‘nggi besh yilda qoramollar 121 foizga, mayda shoxli mollar 120 foizga, parranda 1,5 marta ko‘paydi. Bu go‘sht ishlab chiqarish 130, sut 138 va tuxum yetishtirish 162 foizga o‘sishini ta'minladi. 2014 yilda ishlab chiqarilgan chorvachilik mahsulotlarini aholi jon boshiga hisoblanganda bir yillik iste'mol miqdori 1990 yilga nisbatan go‘sht 1,3, sut 1,6 va tuxum 1,5 marta ko‘paygan. 

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga servis xizmatlar tarmog‘ini kengaytirish maqsadida 2006-2015 yillar davomida 845 zooveterinariya shoxobchasi tashkil qilinib, ularning soni 2613 taga yetkazilgan.

"Mamlakatimizda parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish ham doimiy e'tiborda. 2015 yil 1 yanvar holatiga 1 ming 280 parrandachilik xo‘jaligi mavjud bo‘lib, shundan oltmishga yaqin yirik xo‘jalikda 10,5 milliondan ortiq parranda parvarishlanmoqda. Baliqchilikni rivojlantirish maqsadida joriy yilda qo‘shimcha 700 baliqchilik xo‘jaligi tashkil etish hisobiga 2 ming 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Hozir asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlar 9 ming 448 tani tashkil etib, 2011 yilga nisbatan 135 foizga, asalari oilalari 168,3 foizga ko‘paydi", deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Sobir Mavlonov. 

Top