O‘zbekiston | 09:38 / 01.07.2015
13986
5 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov Qashqadaryo viloyatiga safar uyushtirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 30 iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Qashqadaryo viloyatida ham ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgarib bormoqda. 

Keyingi yillarda viloyat markazi Qarshi shahri har tomonlama rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, shaharning 2700 yilligi munosabati bilan ko‘hna Nasaf yanada go‘zal va obod maskanga aylandi. 

Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Davlat rahbarining 2013 yil 25 iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Qarshi shahrining hududi kengaytirilmoqda. Yangi avtostansiya va vokzallar, ko‘pqavatli uy-joylar, bog‘ va xiyobonlar, xizmat ko‘rsatish obektlari bunyod etilmoqda. 

Yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida uzunligi 56 kilometr bo‘lgan halqa yo‘li qurilmoqda. Uning temir yo‘l va daryolar bilan kesishadigan nuqtalarida 6 zamonaviy yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar bunyod etilmoqda.

Halqa yo‘lining Qashqadaryo daryosini kesib o‘tadigan qismida uzunligi 108, eni 27 metrlik yangi ko‘prik barpo etildi. Amir Temur ko‘prigi rekonstruksiya qilindi. 

Prezidentning viloyatga safarini ushbu ko‘priklar bilan tanishishdan boshladi. 

"Bir paytlar Qashqadaryo deganda odamlarning ko‘z oldiga cho‘l kelardi. Qurilish va obodonlashtirish ishlariga e'tibor yo‘q edi. Bajarilgan qurilishlar ham mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida, hisobot uchun qilinardi. Mustaqillik yillarida uzoqni ko‘zlab, izchillik bilan amalga oshirgan ishlarimiz samarasida Qarshi shahri obod va farovon bo‘lib bormoqda. Buni zamonaviy inshootlar, mana shunday ko‘priklar misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin", dedi Islom Karimov.

Davlat rahbari ko‘priklar atrofini obodonlashtirish, yo‘l va daryo bo‘ylariga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar o‘tqazish, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur bo‘ladigan barcha sharoit va qulayliklarni yaratish kerakligini ta'kidladi. Daryoning ikki qirg‘og‘ini mustahkamlash, sohilbo‘yini obodonlashtirish, qayiq stansiyasi tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. 

Prezident Qarshi shahrining O‘zbekiston ko‘chasida bunyod etilgan ko‘pqavatli uylarni borib ko‘rdi. 

Ilgari bu yerda rejasiz qurib tashlangan, ko‘rimsiz, pastqam uylar bo‘lardi. Ular keng va ravon yo‘lga mutlaqo mos kelmas, shaharning zamonaviy qiyofasini buzib turar edi. 

Shaharning bosh rejasiga muvofiq, mazkur ko‘chada zamonaviy ko‘pqavatli uy-joylar barpo etildi. Ularning yuqori qavatlarida keng va shinam xonadonlar bo‘lib, birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan. 

Binolarning birinchi qavati devori granit, yuqori qavatlari oq marmar bilan qoplangani ajib chiroy baxsh etgan. Bunday arxitektura chang-g‘uborni sezdirmay, binoning asl qiyofasini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

"Bunyodkorlik ishlariga butun qalb qo‘rini bag‘ishlamoq kerak. Obodlik ko‘ngildan boshlanadi, degan so‘zlar xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi, ezgu da'vatga aylandi, dedi Prezidentimiz. Odamlar o‘z uyini, ko‘chasini, mahallasini obod qilishga, baxtli hayot kechirishga intilib yashamoqda. Bu uy-joylarni qurishdan maqsadimiz ham xalqimizning obod va farovon yashashini ta'minlashdir. Ulardagi sharoit, atrofdagi muhit ham shunga mos bo‘lishi kerak. 

Har bir shaharning bosh rejasi ustida ishlaganda, bino va yo‘llar qurayotganda besh-o‘n yilni emas, balki uzoq istiqbolni o‘ylab ish yuritish lozim. Ular har tomonlama mukammal manzara hosil qilsin, shu bilan birga, pishiq va mustahkam bo‘lsin, nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarimizga ham xizmat qilsin", deydi Islom Karimov. 

Davlat rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish, yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish va favvoralarni zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish