Sport | 14:57 / 01.07.2015
3309
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasining dastlabki guruhi “Universiada-2015” o‘yinlariga jo‘nab ketmoqda

Joriy yilning 3-14 iyul kunlari Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida talabalar o‘rtasida Butunjahon Universiada o‘yinlari o‘tkaziladi. Bu yilgi musobaqalarda 120 davlatdan 12.000 nafar talaba sportchi 21 ta sport turida g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Bu haqda olympic.uz ma'lum qilgan.

12 kun davomida o‘tkaziladigan mazkur musobaqalarda jami 272 komplekt medallar o‘ynalib, o‘yinlarning tantanali ochilish marosimi 3 iyul kuni, yopilishiga bag‘ishlangan tadbir esa 14 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Butunjahon Universiada-2015 o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 31 nafar sportchi akademik eshkak eshish, yengil atletika, taekvondo (WTF), tennis, qilichbozlik, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika va dzyudo kabi sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda vatan sharafini himoya qilishadi.

Bugun akademik eshkak eshish sport turi vakillari (4 nafar sportchi va 1 nafar murabbiy) Kvandju shahriga jo‘nab ketadi. 2 iyul kuni tennis, qilichbozlik, sport gimnastikasi va dzyudo sport turlari vakillari Janubiy Koreyaga yo‘l olishsa, taekvondochilar 5 iyul kuni, yengil atletikachilar 6 iyul sanasida va nihoyat badiiy gimnastikachilar 9 iyul kuni Universiada o‘yinlarida ishtirok etish uchun yo‘l olishadi.

Quyida Universiada o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchilar ro‘yxati berilgan:

Akademik eshkak eshish – Krasnov Anatoliy, Mambetnazarov Islambek, Usmonov Zafar, Yarov Alisher. Murabbiy: Shugurov Dmitriy

Tennis - Merenkova Polina, Sharipova Sabina, Shofayziyev Shonig‘matjon, Tsoy Pavel. Murabbiy: Bezverxov Valeriy

Qilichbozlik - Aleksandrov Roman, Xakimova Malika. Murabbiy: Pelix Gennadiy

Yengil atletika - Aslanidu Anastasiya, Svechnikova Anastasiya, Shokirjonov Bobur. Murabbiy: To‘xtaboyev Nizomjon

Badiiy gimnastika - Nazarenkova Yelizaveta. Murabbiy: Gorbulina Natalya

Sport gimnastikasi – Abdusalimova Dilnoza, Rustamov Aliyor, Xamdamov Abdumalik, Ismoilov Xusniddin, Shaulov Eduard. Murabbiylar: Shaulov Konstantin, Li Lyudmila

Taekvondo – Shokin Dmitriy, Sheraliyev Sarvarbek, Xan Vladislav, Urolov Temurbek. Murabbiy: Kim Aleksandr

Dzyudo - Rasulov Kamoliddin, Sattorov Davronbek, Sharipov Faxriddin, Arslonov Shuhratjon, Boltayev Boltaboy, Inoyatov Baxrom, Turaboyev Shuhrat, Ashurov Aybek. Murabbiy: Tangriyev Abdukarim

Ma'lumot uchun, Butunjahon Universiada o‘yinlari Universitetlar sporti xalqaro federatsiyasi (FISU) tomonidan tashkil qilinib, talaba sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladi. Birinchi Universiada o‘yinlari 1959 yilda Italiyaning Turin shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, shundan buyon har ikki yilda tashkil etib kelinadi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi 1999 yildan buyon mazkur o‘yinlarda ishtirok etib keladi. Sportchi talabalarimiz 2001 yilda 1ta oltin, 2003 yilda 2ta oltin, 2005 yilda 1ta oltin, 2007 yilda 1tadan oltin va kumush, 2009 yilda 2ta bronza, 2011 yilda 1ta bronza, 2013 yilda esa 2ta oltin, 7ta kumush va 10ta bronza medaliga sazovor bo‘lishgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish