16:15 / 01.07.2015
4286

O‘zbekistondagi suv havzalarida cho‘kish holatlari kamaygani ma'lum qilindi

"Yozning jazirama kunlarida, ayniqsa, suv havzalari va plyajlar gavjum bo‘ladi. O‘zbekistonda suv havzalari va akvaparklar soni yil sayin ortib bormoqda. Shunga qaramasdan, shahar aholisining cho‘milishga mo‘ljallanmagan joylar – favvoralar, kanal va daryolarning xavfli joylarida cho‘milish holatlari hamon uchrab turibdi", deyiladi UzA xabarida.

Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu havzalardagi ifloslangan suv cho‘miluvchilarda o‘tkir ichak infeksiyalari, gepatit, ichburug‘, ich terlama kabi kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlarining ta'kidlashicha, cho‘milishga mo‘ljallanmagan ochiq suv havzalari bolalar va kattalar hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Kanallarda suvning sovuqligi, oqimning tezligi, daryolarda uchrab turadigan maishiy chiqindilar, ota-onalar mas'uliyatsizligi, shuningdek, cho‘milishga kelganlarning o‘ziga haddan ziyod ishonishi kabi omillar cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda.

"So‘nggi yillarda baxtsiz holatlar soni sezilarli darajada kamaygani kuzatilmoqda. Buni ko‘p jihatdan aholi o‘rtasida seminarlar va tushuntirish ishlarining muntazam o‘tkazib kelinayotgani bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, qutqaruvchi-g‘avvoslar tayyorlash ishlari takomillashtirilib, kuzatuv postlari zamonaviy texnikalar bilan jihozlanmoqda", – deydi Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Husan Bobonov.

Top