03:51 / 01.07.2015
2538

Toshkentda Polsha Respublikasi Seymi vitse-spikeri rahbarligidagi parlament delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Polsha Respublikasi Seymi vitse-spikeri Yeji Venderlix rahbarligidagi parlament delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari S.Otamurotov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari S.Ortiqova bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro hurmat va ishonch prinsiplariga asoslangani ta'kidlandi. Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy, investitsiyaviy, ta'lim, madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. 30 dan ortiq hukumatlararo va idoralararo shartnoma hamda kelishuvlar imzolangani bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim iqtisodiy sheriklaridan biridir. 2014 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 166 million AQSh dollaridan oshdi. O‘tgan yili Polshaga O‘zbekistondan asosan qayta ishlangan paxta, to‘qimachilik va kimyo sanoati mahsulotlari, mineral o‘g‘it eksport qilindi.

Parlamentlararo aloqalarning mustahkamlanib borayotgani ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Polsha parlamenti a'zolarining mamlakatimizga joriy tashrifi ham buning yorqin tasdig‘idir.

Mehmonlar mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, ijtimoiy-siyosiy hayotda parlamentning rolini oshirish va uning faoliyatini takomillashtirishga doir hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirildi. Prezident Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

Muloqotlar chog‘ida Polsha parlamenti a'zolari Seym faoliyati xususida so‘zlab berdi, O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

– O‘zbekistonlik hamkasblar bilan ochiqlik, do‘stlik va hamjihatlik ruhida o‘tgan uchrashuvlar o‘zaro tajriba almashishga ko‘maklashdi, – dedi Polsha Respublikasi Seymi vitse-spikeri Yeji Venderlix. – Parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirishga oid hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ulkan salohiyatga ega. Bu hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda rivojlantirish va buning uchun sa'y-harakatlarni davom ettirish zarurligini taqozo etadi.

Sardor Tojiyev, O‘zA

Top