O‘zbekiston | 07:13 / 02.07.2015
7915
4 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov qashqadaryolik fermerlar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 30 iyun – 1 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Davlat rahbari Qashqadaryo viloyatiga safarining ikkinchi kunida Kasbi tumanidagi “Kamol Sulton” fermer xo‘jaligi dalasiga tashrif buyurdi. 

Qashqadaryolik dehqonlar bu yil 145 ming gektar maydonda g‘alladan mo‘l hosil yetishtirdi. Shu kunlarda o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. “Kamol Sulton” fermer xo‘jaligi alohida faollik ko‘rsatmoqda. 67 gektar maydonning har gektaridan 40 sentnerdan oshirib hosil olinmoqda.

Bugungi kunda Qashqadaryo har tomonlama rivojlangan viloyatga aylandi. O‘zbekiston sanoat mahsulotining qariyb 11 foizi, don va paxtaning katta qismini aynan shu viloyat yetkazib bermoqda.

Prezident Qarshi va Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savolga javob ekanini, ular viloyat qiyofasini o‘zgartirib, aholi farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi.

Prezident tashabbusi bilan Qarshi shahrining hududi kengaytirilmoqda. Yangi avtostansiya va vokzallar, ko‘p qavatli uy-joylar, bog‘ va xiyobonlar, xizmat ko‘rsatish obektlari, kanalizatsiya va kommunikatsiya tarmoqlari bunyod etilmoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun yanada keng qulayliklar yaratilmoqda. 

Shahrisabzda ham ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Oqsaroy majmuasi atrofidagi maydon kengaytirilib, Chorsu bozori, Ko‘kgumbaz obidalarini bog‘lovchi so‘lim xiyobon barpo etilayotir. Shaharning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish maqsadida Qarshi shahriga boradigan 129 kilometrlik zamonaviy yo‘l qurilmoqda.

"Qashqadaryo buyuk Sohibqiron Amir Temurni voyaga yetkazgan zamin. Bu yerda u zotning avlodlari – g‘ururi baland, mard va tanti odamlar yashaydi", deydi Islom Karimov. 

Prezident fermer va ishchilarning mehnat qilishi hamda dam olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, oilaviy sharoitlari bilan qiziqdi. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan oqilona siyosat va izchil islohotlar samarasida xalqimiz turmush darajasi muttasil yuksalib borayotgani qayd etildi. 

Davlat rahbari paxta hosili rivojiga ham ahamiyat qaratdi. Qashqadaryo iqlimi va tuproq sharoitiga mos serhosil navlarni ko‘paytirish zarurligini ta'kidladi.

Islom Karimov Koson tumanidagi “Pudina massivi” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘ldi. 

Ushbu xo‘jalik a'zolari bu yil 31 gektardan ortiq maydonda g‘alla yetishtirib, uning har gektaridan 40 sentnerdan hosil oldi. 

"Mustaqillikning ilk yillaridan fermerlik harakatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratganimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda. Fermerlar xalqimiz rizq-ro‘zini yetishtirish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladigan qudratli kuchga aylandi. Lekin faqat g‘alla va paxta bilan yuksak farovonlikka erishib bo‘lmaydi. Fermerlarga yanada keng erkinlik berish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini izchil rivojlantirish zarur", dedi Islom Karimov. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish