09:09 / 02.07.2015
13757

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganiga 23 yil to‘ldi

1992 yilning 2 iyul kunida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekkandi.

Shundan e'tiboran davlatimiz gerbi tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida hamda qonunda belgilangan boshqa hujjatlardan joy olmoqda. 

O‘zbekiston gerbi davlatimiz chegaralarida o‘rnatilgan.

Davlat gerbidagi har bir rang, chiziq, belgi chuqur ramziy ma'noga ega. Baland tog‘lar orasidan oqayotgan daryolar – hayot boqiyligi ramzi bo‘lsa, gerbning so‘l tomonidagi bug‘doy boshoqlari rizq-ro‘zimiz butunligini, o‘ng tomonidagi qiyg‘os ochilgan paxta yurtdoshlarimiz qalbi, niyati pokligini, beqiyos boyliklarni aks ettiradi. 

Gerbning yuqori qismida mamlakat jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Musamman ichidagi yarim oy – qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni, yulduz xalqimiz hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yo‘lni tanlaganini bildiradi. Bu timsollar milliy an'ana va qadriyatlarimizning boqiyligi, ma'naviyatimiz yuksakligi, iroda va e'tiqodimiz mustahkamligi ramzi hisoblanadi. 

Davlat gerbida gullagan vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasviri zaminimizning serquyoshligiga, xalqimiz intilayotgan nurafshon manzillarga ishoradir. 

Gerbning markazidagi qanotlarini keng yoyib turgan Humo qushi qadimdan baxt va davlat qushi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli hisoblangan. Hazrat Alisher Navoiy “Lisonut-tayr” dostonida Humoni baxt va iqbol, ezgulik va ulug‘vorlik keltiruvchi qush sifatida tasvirlagan. 

Davlatimiz gerbining pastki qismida, bayrog‘imizni eslatuvchi chambar bandida zarhal harflar bilan barchamiz uchun aziz va muqaddas bo‘lgan “O‘zbekiston” so‘zi bitilgan.

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda ham mamlakatimiz fuqarolari, O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha shaxs davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart ekani belgilab qo‘yilgan. 2010 yil 25 dekabrdan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda davlatimiz gerbidan foydalanish qoidalari yanada mustahkamlangan. 

Top