17:45 / 02.07.2015
7046

Toshkentliklar avtobuslarning qatnovi qisqarganidan shikoyat qilishmoqda

Feysbukdagi “Jamoatchilik nazorati” guruhi ishtirokchilari bekatlarda avtobuslarni uzoq vaqt kutishayotganini aytishmoqda.

Foydalanuvchilardan birining yozishicha, u ertalab bekatda bir soat 115-sonli avtobusni kutgan. Qarama-qarshi tomondan uchtasi o‘tganu, biroq qaytib kelmagan. “Har doim ham taksida yurishni “cho‘ntak” ko‘tarmaydi”, deydi u.

Foydalanuvchining yozishicha, u “Toshshahartransxizmat” kompaniyasining telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilganda, unga javoban avtobuslarning intervali 1,5 yoki 2 soat bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Shuningdek, fikr bildirayotganlarning aksariyati avtobuslarni soatlab kutgani yetmaganidek, ularning yo‘lovchilar bilan to‘la kelishidan ham norozi bo‘lishmoqda. “46 yo‘lovchi sig‘adigan avtobuslarga 60 yo‘lovchi chiqadi, ular orasida yosh bolali ayollar, qariyalar bor, +40 daraja issiqda bunga chidash qiyin”, deyiladi izohlardan birida.

Eslatib o‘tamiz, “Toshshahartransxizmat” AK ma'muriyati avtobuslar qatnovi orasidagi tanaffus vaqti uzayishi mumkinligini ma'lum qilib, bunga sabab sifatida yonilg‘i yetkazib berilishining 30 foizga qisqarganini ko‘rsatgan edi. Biroq shundan so‘ng, "O‘zbekneftgaz” kompaniyasi jamoat transportlarini uzluksiz ta'minlash uchun yonilg‘i yetarli ekanligini ma'lum qilgan.

Top