12:34 / 03.07.2015
17320

O‘zbekiston armiyasi yuqori aniqlikdagi qurol-aslaha bilan ta'minlanmoqda

O‘zbekiston Qurolli kuchlari texnik qayta qurollanish yo‘lidan bormoqda, eskirib qolgan qurol-aslaha turlari o‘rniga yangi mikroprotsessor texnologiyasi negizidagi yuqori aniqlikdagi qurol-aslaha kelmoqda.

Bugungi kunda o‘lchash ishlari qo‘shinlarning barcha faoliyatiga kirib bormoqda hamda harbiy texnikaning jangovor tayyorligi va xavfsizligi, samarali va benuqson ishlashini ta'minlamoqda. Bunda harbiy metrologlar ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar. Ularning sa'y-harakatlari bilan texnik o‘lchash asboblarining sifatli va to‘xtashsiz ishlashi ustidan doimiy nazorat olib borilmoqda, ularning sozligini tekshirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda turli jangovor vazifalarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika namunalarini qo‘llagan holda ko‘plab aniq o‘lchashlarni tashkil qilmagan va o‘tkazmagan holda sifatli hal qilib bo‘lmaydi. Zamonaviy o‘lchash asboblari va majmualari davriy tekshiruvni va sozlashni talab qiladi hamda harbiy metrologlarning o‘z bilim va tajribalarini muntazam takomillashtirib borishlariga turtki beradi.
Shu maqsadda mutaxassislar Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot institutida vaqti-vaqti bilan malaka oshirish kurslaridan o‘tib turadilar.

Elektrotexnik o‘lchashlar bo‘limida har kuni ko‘plab elektr o‘lchash asboblariga xizmat ko‘rsatiladi. Ushbu maqsadda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari uchun yangi standartlar va texnik sharoitlar yaratilgan. Yangi raqamli o‘lchash vositalari bilan ta'minlanganlik evaziga tekshiriladigan asboblar ro‘yxati kengaydi. O‘lchash vositalarini tekshirish va ta'mirlash, etalonlarni saqlash metodikalari takomillashmoqda.

Top