Light | 21:34 / 03.07.2015
14051
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi

Muborak Ramazon oyi Respublikamizning turli viloyatlarida, xususan, Farg‘ona viloyatida ham ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Fazilatlarga limmo-lim bo‘lgan ushbu oy o‘zining tarovati bilan barchaning ko‘ngliga surur bag‘ishlamoqda. Yaratganga shukurki yurtimiz istiqlolga erishgach milliy va diniy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Osmoni musaffo hur diyorimizda yurtdoshlarimiz emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Sobiq mustabid davrida Farg‘ona viloyatida atigi 4 ta masjid faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda viloyatdagi masjidlarning umumiy soni 198 tani tashkil qiladi. Ushbu masjidlarda diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur egallagan malakali imom-xatiblar faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlarning 149 tasida xatmi Qur'on va 49 tasida taroveh namozlari o‘qilmoqda.

Mohi sharifning 15 sanasida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdilar. Hazratning ziyoratlaridan mo‘'min-musulmonlarning hursandchiligi yanada ziyoda bo‘ldi.

Muftiy hazratlari Marg‘ilon shahridagi “Xonaqoh” masjidida xatmi Qur'onda qatnashdilar hamda tinchlik va osoyishtalik ne'mati, shukronalik, farzandlarimizni komil inson etib tarbiyalash, ularni turli yot g‘oyalar ta'siridan saqlash kabi dolzarb mavzularda ma'ruza qildilar.

Tashrif davomida viloyatda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishib, nuroniy keksalar bilan hamsuhbat bo‘ldilar. Zero, Yurtboshimiz tomonidan 2015 yil – “Keksalarni e'zozlash yili” deb nomlanishi yoshi ulug‘larimizga qaratilgan e'tiborning yuksak namunasi bo‘lganini, keksalari qadr topgan yurtda qut baraka bo‘lishini ta'kidladilar. Muftiy hazrat Farg‘ona viloyatida olib borilayotgan ulkan o‘zgarishlar yanada ravnaq topishi, el-yurt tinchligi va mamlakat obodligi, hayotimiz yanada farovon bo‘lishini tilab duoi xayrlar qildilar.

Manba: Muslim.uz