09:44 / 03.07.2015
2921

Sobiq senator Jim Uebb AQSh prezidentligi uchun saylovga o‘z nomzodini qo‘yishini e'lon qildi

2007 yildan 2012 yilgacha AQSh Senatiga Virjiniya shtatidan senator bo‘lgan Jim Uebb Demokratlar partiyasi nomidan 2016 yilda AQSh prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovda ishtirok etishini ma'lum qildi. Uning bu haqda bayonoti shaxsiy saytida chop etilgan.

"Uzoq vaqt davom etgan o‘ylashlar va muhokamalardan keyin men AQSh prezidentligi uchun saylovda ishtirok etishga qaror qildim", deydi Vetnam urushi faxriysi hisoblanadigan 69 yoshli siyosatchi.

Shu tariqa Jim Uebb AQSh prezidentligi uchun o‘z nomzodini ko‘rsatgan beshinchi demokratga aylandi.

Bungacha sobiq davlat kotibi Hillari Klinton, Rod-Aylendning sobiq gubernatori Linkoln Cheffi, Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin O`Melli hamda Vermont shtatidan bo‘lgan mustaqil senator, demokratik qarashlarga ega bo‘lgan partiyasiz Bernard Sanders o‘z nomzodlari haqida e'lon qilishgandi. Demokratlarning saylovoldi s'yezdi 2016 yilning 25-28 iyul kunlarida, Filadelfiyada o‘tkaziladi.

Respublikachilar partiyasidan esa shu vaqtgacha 9 nafar vakil prezidentlik uchun kurashish istagini bildirgan. Bular senatorlar Ted Kruz, Rend Pol, Marko Rubio, Arkanzasning sobiq gubernatori Mayk Xakabi, neyrojarroh Ben Karson, Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum, Hewlett-Packard kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina, Floridaning sobiq gubernatori Jyeb Bush, milliarder Donald Tramp hisoblanadi. Shuningdek, Nyu-Yorkning sobiq gubernatori, respublikachi Jorj Pataki yaqin qarindoshi og‘ir xastalikka chalingani uchun o‘z nomzodini qaytarib olgan. Respublikachilar o‘z saylovoldi s'yezdini 2016 yilning 18-21 iyul kunlarida Klivlendda o‘tkazishni rejalashtirishgan.

Top