12:09 / 04.07.2015
5187

2014 yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 315,9 mln dollarga teng bo‘lgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi joriy yil 6 iyul kunida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keladi.

Izchil rivojlanib borayotgan O‘zbekiston - Hindiston munosabatlaridagi konstruktivlik sababi ko‘p jihatdan ikki do‘st xalqlar o‘rtasidagi bir-birini to‘g‘ri tushunish va o‘zaro ishonchning yuqori darajada ekanligi hamda qadimdan tarixiy-madaniy va ma'naviy mushtaraklik rishtalari mustahkam bog‘langanligi bilan izohlanadi.

Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi solnomasi O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi tarixi bilan chambarchas bog‘langan. Hindiston O‘zbekistonning davlat suverenligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. Diplomatiya munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Protokol esa 1992 yilning 18 mart kuni Toshkentda imzolangan edi.

O‘tgan yillar davomida respublikalar o‘rtasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo ahamiyatga molik bo‘lgan 80ga yaqin hujjatdan iborat mustahkam me'yoriy-huquqiy zamin yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2011 yil may oyida Hindistonga buyurgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar taraqqiyotida muhim voqea bo‘lib qoldi. Ushbu tashrif O‘zbekiston - Hindiston hamkorligiga sifat jihatdan yangicha ahamiyat baxsh etdi. Oliy darajadagi muzokaralarning yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam o‘tkazilayotgan siyosiy maslahatlashuvlar ham O‘zbekiston va Hindistonning har tomonlama hamkorligini ravnaq toptirishga ko‘maklashadigan muhim mexanizmlardan biri hisoblanadi. Bunda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, birinchi navbatda, BMT doirasida har ikki davlat muvaffaqiyat bilan rivojlantirib borayotgan siyosiy muloqotlar ham birgalikdagi sa'y-harakatlarning asosi bo‘lib qolmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston - Hindiston aloqalarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Tomonlar teng va o‘zaro manfaatli sheriklikni hayotga tadbiq etishning yaxshi tajribasiga ega. 1992 yili tuzilgan hukumatlararo komissiya samarali mexanizm sifatida xizmat qilmoqda. O‘tgan yillar davomida mazkur komissiyaning o‘nta yig‘ilishi bo‘ldi.

Hozirgi paytda mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdoga qulay muhit yaratish rejimi amal qilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 315,9 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarishning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 23ta hind kompaniyasi akkreditatsiyadan o‘tgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida hind sarmoyasi ishtirokidagi 77ta korxona, shu jumladan, 100 foiz chet el kapitali asosidagi 11ta korxona ish olib bormoqda.

Shuni ham ta'kidlash joizki, to‘qimachilik sanoati sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida 2012 yili Toshkentda, 2013 yili esa Dehlida To‘qimachilik bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma ishchi guruhining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, o‘zaro sa'y-harakatlarning yana bir istiqbolli sohasi sayyohlik hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston hududida noyob tabiiy va tarixiy-madaniy yodgorliklarning mavjudligi bu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadi.

Madaniy-gumanitar sohadagi sheriklik ham ikki tomonlama hamkorlikning muhim qirrasi hisoblanadi. Bu jihat o‘zbek va hind xalqlari hamkorligining ko‘hna an'analari amal qilishi nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga molik. Ma'lumki, ikki mamlakat xalqlari ko‘pgina tarixiy va madaniy mushtarakliklarga egadir. Shu ma'noda, har ikki davlat solnomasida chuqur iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi ko‘p asrlik o‘zbek-hind munosabatlarining tarixida o‘ta muhim bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi.

O‘zbekiston va Hindiston ta'lim, sog‘liqni saqlash, inson resurslari rivojlanishi sohalarini takomillashtirish ishida hamkorlikning ijobiy tajribasiga ega. Hindiston texnik-iqtisodiy ko‘maklashish dasturi (ITEC) doirasida qator o‘zbek mutaxassislari axborot texnologiyalari, suv resurslarini boshqarish, bank ishi, mehmonxona biznesi va boshqa yo‘nalishlarda Hindistonning nufuzli oliy o‘quv muassasalarida malaka oshirish kurslarini o‘tashdi.

2006 yilning aprelida Toshkentda J.Neru nomidagi O‘zbekiston - Hindiston axborot texnologiyalari markazi ochilgan edi. 2011 yilning yanvarida Dehli shahrida Axborot texnologiyalari bo‘yicha O‘zbekiston - Hindiston qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

XX asrning 40-yillaridan beri Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida hind tilidan saboq beriladi. Hind tilini xorijda ilgari surishga katta hissa qo‘shgani uchun 2014 yili mazkur oliy o‘quv yurtining professori Ozod Shamatov doktor J. Grirson nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston poytaxtida hind tili o‘qitiladigan ikkita maktab faoliyat ko‘rsatadi. Dehlidagi «Djamiya Milliya Islamiya» universitetida o‘zbek tili kurslari mavjud.

Ikki mamlakat madaniyat arboblari turli yo‘nalishlarni qamrab olgan tadbirlarda, xususan, amaliy va tasviriy san'at ko‘rgazmalari, kinoanjumanlar va musiqa festivallari ishida muntazam ishtirok etishmoqda. Masalan, 2013 yili Samarqandda bo‘lib o‘tgan an'anaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida hind ashulachisi Rashmi Agarval ushbu madaniy anjumanning Gran-pri mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Sport sohasidagi aloqalar ham sezilarli darajada faollashmoqda. Hindistonda Kurash milliy assotsiatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ko‘p asrlik do‘stona aloqalarning an'anasiga sodiqligini namoyish qilgan holda, O‘zbekiston va Hindiston davlatlararo sheriklikni sifat jihatdan yangi bosqichlarga olib chiqish yuzasidan mushtarak manfaatdorlikni namoyon etmoqda.

Shunday ekan, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarga, eng avvalo, tomonlarning tenglik, hurmat va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan mushtarak qiziqishining va bunga o‘zaro tayyorlik mavjud ekanligining yaqqol tasdig‘i sifatida qarash mumkin.

Top