Sport | 12:32 / 04.07.2015
3116
2 daqiqa o‘qiladi

3 iyul kuni Kvandjuda “Universiada-2015” o‘yinlari boshlandi

3 iyul kuni Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida talaba sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan Universiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Haqiqiy bayramona ruxda tashkil etilgan ochilish marosimida mahalliy san'at ustalarining chiqishlari hamda teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etildi.

Janubiy Koreya davlati rahbari Pak Kin Xe o‘yinlarni ochiq deb e'lon qildi.

“Universiada-2015” o‘yinlari 3-14 iyul kunlari o‘tkaziladi va unda 120 davlatdan kelgan 12.000 nafar talaba sportchilar sportning 21 turida g‘oliblik uchun bahs yuritadi.

Butunjahon Universiada-2015 o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 31 nafar sportchi Akademik eshkak eshish, Yengil atletika, Taekvondo (WTF), Tennis, Qilichbozlik, Sport gimnastikasi, Badiiy gimnastika va Dzyudo kabi sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda vatan sharafini himoya qiladi.

Dunyo mamlakatlari oliy o‘quv yurtlari talabalarining o‘ziga xos olimpiadasi sifatida e'tirof etiladigan yozgi universiadaga 1959 yilda asos solingan. 1960 yildan boshlab qishki sport turlari bo‘yicha ham talabalar o‘yinlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bu nufuzli musobaqalar Xalqaro universitet sportlari federatsiyasi (FISU) tomonidan tashkil etiladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston vakillari yozgi Universiadalarda 1999 yildan buyon ishtirok etishni boshlagan, 2001 yilda 1ta oltin, 2003 yilda 2ta oltin, 2005 yilda 1ta oltin, 2007 yilda bir oltin va bir kumush, 2009 yilda 2ta bronza, 2011 yilda bitta bronza qo‘lga kiritilgan.

2013 yilda esa Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan XXVII Butunjahon universiadasida talabalar 2 oltin, 7 kumush va 10ta bronza medalga ega bo‘lishgan.

Bu galgi Butunjahon universiadasi o‘zbek sportchilari uchun 2016 yilgi yozgi XXXI Olimpiya o‘yinlari uchun o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tashi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish