Jahon | 18:11 / 05.07.2015
2513
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyadagi referendumning ilk natijalariga ko‘ra kreditorlarning takliflariga qarshi tomon ustunlik qilmoqda

Gretsiyada bo‘lib o‘tayotgan xalq referendumining ilk ekzit-pollariga ko‘ra, kreditorlarning takliflariga qarshi bo‘lgan tomon ustunlik qilmoqda. Bu haqda RIA Novosti ishonchli manbasiga asoslangan holda xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, hozirgacha saylovchilarning 8 foizini "yo‘q" javobini berganlar tashkil qilmoqda. Ikkinchi variant tarafdorlari esa 4 foizni tashkil etmoqda.

Xabarda yozilishicha, kreditorlar bilan muzokaralarga qarshilar g‘alaba qozonishi oydinlashib bormoqda.

Gretsiyada mahalliy vaqt bilan soat 7:00 da mamlakat fuqarolari mamlakatga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan uch kreditor – Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa Markaziy banki va Yevrokomissiyaning islohotlar o‘tkazish takliflariga o‘z munosabatlarini bildirish bo‘yicha milliy referendum boshlandi. Referendum 12 soat davom etib, 19:00 da yakunlanadi.

Greklar bu tashkilotlar tomonidan Yevroguruhning 25 iyundagi yig‘ilishida taqdim qilingan kelishuv loyihasini qabul qilishga tayyor-tayyormasliklariga javob berishlari kerak bo‘ladi.

Referendum natijalari Gretsiyaning yevrohududdan chiqishiga yoki mamlakat tomonidan kreditorlar bilan muzokaralarni qayta boshlashga olib kelishi mumkin.

Hozirgi kunda Gretsiyada kapitallarning oqimini nazorat qilish bo‘yicha choralar kiritilgan, mamlakat fuqarolari bankomatlar orqali yechib oladigan naqd pul miqdori kuniga 60 yevro miqdorida cheklab qo‘yilgan.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, referendumda 8,5 mlnga yaqin fuqaro qatnashishi mumkin.

Qayd etilishicha, agar referendumda 40 foizdan ko‘proq saylovchilar ishtirok etsa, u haqiqiy deb topiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish