00:41 / 06.07.2015
15365

Chorasizlikdan yig‘layotgan gretsiyalik pensionerning tarixi internet foydalanuvchilarning yuraklarini ezdi

Chorasizlikdan yig‘layotgan gretsiyalik pensioner Yorgos Chattsifotiadisning fotosurati internetni junbushga keltirdi. Bu suratni “Frans press” axborot agentligi muxbiri suratga olgan.

Gretsiyalik 77 yoshli pensioner rafiqasining pensiya pulini (120 yevro) yechib olish maqsadida Saloniki shahridagi bir nechta banklarda navbatda turishga majbur bo‘ldi. Biroq hamma yerda rad javobini oldi. To‘rtinchi marta u yerga yiqilib, chorasizlikdan yig‘lab yubordi.

Qariya agentlikka bergan intervyusida “o‘zining davlatini bunday chorasiz holda ko‘rishga madori qolmaganini” aytgan.

“Men yurtdoshlarim non sotib olish uchun bir necha sent so‘rab tilanchilik qilib yurishganini ko‘rmoqdaman. Men borgan sari o‘z joniga qasd qilishlar soni ko‘payib borayotganining guvohi bo‘lmoqdaman. Men juda ta'sirchan odamman. Men o‘z yurtimni bunday holatda ko‘rishga madorim yo‘q”, deb aytmoqda qariya.

Chattsifotiadisning aytishicha, u rafiqasi bilan mamlakatning shimoliy qismidagi ko‘pchilik kabi Germaniyada bir necha yil ko‘mir shaxtasida, so‘ngra zavodda “o‘lib-qutulib” ishlagan.

Uning aytishicha, Gretsiya va Germaniya xatoga yo‘l qo‘ygan, biroq buning chorasini topish kerak.

Qariya uning uyidan 80 km uzoqlikda joylashgan saylov uchastkasiga borishga puli yo‘qligini aytgan.

Gretsiya hukumati 1 iyuldan defolt va mamlakatning yevrohududdan chiqishidan xavfsirab banklarni yopib qo‘ydi. Biroq 1 iyul kuni pensionerlar 120 yevrolik limit bilan pul yechib olishlari uchun bir nechta banklarga ochilishga ruxsat berilgan.

Bundan xabar topgan internet foydalanuvchilar qariyaning taqdiriga o‘z munosabatlarini bildirdilar.

“Bunga o‘xshash voqealar yurakni ezib yuboradi”, deb aytmoqda internet foydalanuvchilaridan biri.

“Ikkita jahon urushi yakunlay olmagan ishni, iqtisodiy urush yakunlamoqda...”, deb yozmoqda yana bir foydalanuvchi.

“Biz Yorgos Chattsifotiadis uchun pul yig‘ib berishimiz mumkinmi? U butun umri tinmay ishlagandan keyin, pensiyasini ololmayotgani adolatdan emas”, deb qariyaga pul yig‘ib berish taklifi bilan chiqdi Twitter Kelly laqabli foydalanuvchi.

“Yig‘layotgan pensioner Yorgos Chattsifotiadis ro‘y berayotgan grek fojiasining yuziga aylandi”, deb yozmoqda David O’Sullivan laqabli foydalanuvchi.

“Yorgos Chattsifotiadisga o‘xshagan yana qancha odam referendumda qatnasha olmaydi?”, deb so‘ramoqda Gavin Lumsden.

Top