18:41 / 06.07.2015
3665

Dunyoning eng keksa insoni 116 yillik tavallud ayomini nishonlamoqda

6 iyulda AQShning Nyu-York shahrida yashovchi Syuzanna Mushatt Jons o‘zining 116 yillik tavallud ayomini nishonlamoqda. Bu haqda Giness rekordlar kitobi ma'lum qildi. Jons rasman hozirda hayot bo‘lganlar orasida dunyoning eng yoshi ulug‘ insoni hisoblanadi.

AQShlik ayol 1899 yil 6 iyulda dunyoga kelgan. Ayol 2015 yilning 17 iyunida 115 yil 346 kunligida Giness rekordlar kitobiga hozirda hayot bo‘lgan eng keksa inson sifatida kiritildi.

Jonsdan uning uzoq umr ko‘rishining siri nimada ekanligini so‘rashganda, “Uyqu!” deb javob berdi. Ayol ko‘zi ojiz va quloqlari ham yaxshi eshitmaydigan bo‘lib qolgan, biroq u ko‘rpa-to‘shakka yotib qolmagan va kuniga bor-yo‘g‘i ikkita dori qabul qilar ekan.

Jons o‘zining Ti laqabi (inglizcha auntie so‘zidan “xola” degan ma'noni beradi) bilan ham mashhur. Uning yuzlab jiyanlari bor.

6 iyul kuni keksa ayol o‘z tug‘ilgan kunini oila davrasida kutib oladi, ertasiga esa do‘stlari va mahalliy mansabdor shaxslar ishtirokida kattaroq miqyosdagi bayram o‘tkaziladi.

Insoniyat tarixida rasman eng keksa inson 122 yil 164 kun yashagan Janna Kalman ismli fransiyalik ayol hisoblanadi.

Top