Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Malayziya valyutasining kursi siyosiy janjal tufayli rekord darajada tushib ketdi
Malayziya valyutasining kursi 0.8 foizga tushib, oxirgi 16 yil ichida eng past natijani qayd qildi. Bugungi kunga kelib 1 dollar 3.8070 ringitga baholanmoqda; bu 1999 yil mayidan buyon eng past ko‘rsatkichdir.
Ekspertlarning bahosiga ko‘ra, bunga asosiy sabab o‘tgan hafta bo‘lgan siyosiy janjaldir. AQShning Wall Street Journal nashri maxsus maqola chop ettirib, unda mamlakat bosh vaziri Najib Razzoq 1MDB davlat investitsion jamg‘armasidan 700 mln dollar olib, ushbu mablag‘ni turli banklar va kompaniyalar orqali o‘z shaxsiy hisoblariga o‘tkazganini ta'kidladi.
Mamlakatning asosiy siyosiy partiyalari vaziyatni muhokama qilish uchun darhol parlamentni to‘plashni talab qilishdi. Bundan tashqari, bosh prokuror Abdulg‘ani Patayl maqolada tilga olingan uch kompaniyaning barcha hujjatlarini olib, o‘rganib chiqishga ko‘rsatma berdi. Buning uchun aksilkorrupsiya qo‘mitasi, politsiya va Markaziy bank vakillaridan iborat maxsus guruh tuzildi.
Bosh vazir va uning yaqinlari bu ayblovlarni inkor qilmoqda. Najib Razzoq yaqin kunlarda nashr ustidan sudga da'vo qilishi mumkinligini ma'lum qildi. Da'vo shu hafta seshanba kuni poytaxt Kuala-Lumpurdagi sudlardan biriga berilishi kutilmoqda.