15:26 / 06.07.2015
10355

Rossiya Dumasi O‘rta Osiyo davlatlariga nisbatan viza tartibini joriy qilishni taklif qildi

Rossiya Davlat Dumasi deputatlari O‘rta Osiyo davlatlari bilan vizasiz tartibni bekor qilib, u yerdan kirib kelayotgan muhojirlarning IShID singari tashkilotlarga a'zoligini tekshirishni kuchaytirishni taklif qilib chiqdi. Bu haqda “Izvestiya” gazetasi yozmoqda.
Ma'lumotga qaraganda, Rossiya kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi raisi Sergey Obuxov va uning yordamchisi, Dumaning millatlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Valeriy Rashkin tomonidan yozilgan murojaatnoma federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanov va federal chegara xizmati rahbari Vladimir Kulishovlarga yo‘llangan.
Deputatlarning fikricha, IShID va unga yaqin guruhlar O‘rta Osiyo davlatlarida jangarilarni yollab, so‘ng ularni mehnat muhojirlari qiyofasida qo‘poruvchilik harakatlari uyushtirish uchun Rossiyaga yuborishi mumkin.
Ayni paytda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolari Rossiyaga vizasiz kirish huquqiga ega. Buning uchun pasportning o‘zi kifoya. Lekin bu pasportlarning haqqoniyligini tekshirish ko‘plab qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Deputatlarning fikricha, agar tilga olingan davlatlar fuqarolari Rossiyaga kelishdan oldin elchixonalarga ko‘plab hujjatlar paketini topshirsalar, bu federal chegara xizmatiga ularning IShIDga aloqador-aloqador emasligini tekshirishga qo‘shimcha vaqt beradi.

Top