18:12 / 06.07.2015
1980

Toshkentdagi innovatsion g‘oyalar yarmarkasida 25.7 mlrd so‘mlik 776 shartnoma imzolandi

2015 yil 19-21 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan 8-Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida umumiy qiymati 25.7 mlrd so‘mga teng jami 776 shartnoma imzolandi. Bu haqda 6 iyul kuni iqtisodiyot vazirligida o‘tkazilgan, yarmarka yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani chog‘ida ma'lum qilindi.

Ta'kidlanishicha, ushbu yildagi tadbirda 100dan ortiq ilmiy muassasa, OTM, konstruktorlik tashkilotlari, Fanlar Akademiyasi vazirliklar vakillari ishtirok etdi. Ular, xususiy korxonalar va erkin kashfiyotchilar bilan birga, 604 xil amaliy ilmiy-texnik ishlanmalarni namoyish etib berdi.

Bundan tashqari, yarmarkada bir qator yangi yo‘nalishlar ochildi. Ular orasida Hi-Tech (Yuqori texnologiyalar) yo‘nalishi diqqatga sazovordir. Ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda xususiy biznes va kichik tadbirkorlik sub'yektlari uchun esa “Energiya va resurs tejash texnologiyalari” yo‘nalishi ochildi. Unda yosh olimlar va talabalarning 70dan ortiq ishlanmalari taqdim etildi.
Yarmarka doirasida Toshkent xalqaro innovatsion forum o‘tkazilgani, unda 39 nafar xorijiy ishtirokchi bo‘lgani, shulardan 20 nafari AQSh, Germaniya, Italiyadan tashrif buyurgan olimlar, 19 nafari esa Toshkentda joylashgan xalqaro tashkilotlar vakillari bo‘lganligi ta'kidlab o‘tildi.

Top