Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga joriy yilda 200 nafar talaba qabul qilinadi
2015 yil 29 iyun kuni O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2015/2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga 2015/2016 o‘quv yilida 10 ta mutaxassislik bo‘yicha jami 200 nafar talaba qabul qilinishi belgilab qo‘yildi.
O‘tgan yil bilan solishtirilsa, kvotalar sonida o‘zgarishlar yo‘q. Faqat “Investitsiyalarni boshqarish” mutaxassisligida real sektor uchun kvotalar soni 9 taga ko‘paytirilib, 29 nafar o‘rin ajratilgan. O‘z navbatida xuddi shu mutaxassislikning bank sektori uchun 9 ta kvota kamaytirilib, 16 ta o‘ringa tushirildi. Bu haqda «Xushnudbek.uz» xabar beradi.
Bundan tashqari, yana bir o‘zgarishlardan biri, joriy yilda Adliya vazirligi uchun «Davlat moliyasini boshqarish» mutaxassisligi bo‘yicha davlat granti asosida 1 (bitta) o‘rin maqsadli ajratildi.
Shuningdek, joriy yilda «Investitsiyalarni boshqarish (real sektor uchun)» mutaxassisligi bo‘yicha qabul kvotasining iqtisodiyotning real sektori ayrim tarmoq va korxonalari bo‘yicha taqsimlanishida ham o‘zgarishlar bor.
Xususan, ushbu yilda Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunika- tsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing» ALK, «Navoiy KMK» DKlarga ham o‘rin berildi.
O‘z navbatida «O‘zbekenergo» DAK, «O‘zkimyosanoat» DAK, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK, «Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati» OAJ hamda «O‘zog‘irneftgazkimyoloyiha» institutiga joriy yilda kvotalar ajratilmadi.
Ma'lumot uchun, 2013 yil 16 sentabrdagi Vazirlar Mahkamasining 255-sonli qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, Bank-moliya Akademiyasi magistraturasiga qabul qilishda yosh senzi belgilanib, 35 yoshdan oshganlar mazkur dargohga hujjat topshira olmasligi qayd etilgandi. Mazkur Nizomning batafsil sharhi bilan quyidagi manzilda tanishish mumkin.