11:03 / 07.07.2015
4425

Islom Karimov va Narendra Modi o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modining mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 6 iyul kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Islom Karimov va Narendra Modi tor doirada muzokara o‘tkazdi.
“Sizning O‘zbekistonga ushbu dastlabki rasmiy tashrifingizni mamlakatlarimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida azaldan qaror topgan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashda yangi bosqich, deb bilamiz”, – dedi Islom Karimov.
Narendra Modi O‘zbekiston Hindistonning Markaziy Osiyodagi eng ishonchli va muhim sheriklaridan biri va mazkur tashrif o‘zaro munosabatlarni yanada faollashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta'kidladi.

Tomonlar dunyoda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotgani, qarama-qarshiliklar, keskinlik, global va mintaqaviy geosiyosiy raqobat avj olayotgani, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora keng tarqalayotganini va ushbu tahdidlar Markaziy Osiyo mintaqasiga bevosita yoki bilvosita ta'sir o‘tkazayotgani inobatga olinadigan bo‘lsa, bugungi muzokaralarning dolzarbligi yanada muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini atroflicha tahlil qilish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib, Islom Karimov va Narendra Modi muzokaralarni aynan shu masalalarni muhokama etishdan boshladi. O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarini foydalanilmagan imkoniyatlarni amalga oshirish, siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish orqali yangi bosqichga ko‘tarishga doir fikr almashildi.
Ikki mamlakatni birday tashvishga solayotgan mintaqaviy va xalqaro dolzarb muammolar ham batafsil muhokama etildi. Xususan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashinib, bu muammoni harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi haqida yakdil fikr bildirildi. Bu borada Afg‘onistonga iqtisodiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy, infratuzilmaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirish, aholi bandligi muammosi, qashshoqlik va huquqsizlikka qarshi kurashish bo‘yicha dolzarb vazifalarni hal etishga katta e'tibor qaratish, Afg‘oniston xalqining ko‘p asrlik an'ana, urf-odat va qadriyatlarini hurmat qilish zarurligi qayd etildi.

“O‘zbekiston” axborot agentligining yozishicha, ikki davlat rahbari muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorlik masalalari Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlislarida muntazam muhokama qilinmoqda. Islom Karimov va Narendra Modi mazkur komissiya o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylanishi lozimligini ta'kidladilar.

Tomonlar har ikki mamlakatning davlat tuzilmalari va xususiy biznes vakillari tovar hamda xizmatlar yetkazib berishni yanada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish, iqtisodiyotning axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, farmatsevtika, biotexnologiya, yengil va kimyo sanoati kabi yuqori texnologiyali tarmoqlarida o‘zaro manfaatli qo‘shma korxonalar tashkil etish, shuningdek, uglevodorod konlarini qidirish va qazib olishdan manfaatdor ekanini qayd etdilar.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Hindistonning qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Turizm, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hujjatlar, madaniyat sohasida 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Islom Karimov va Narendra Modi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari har tomonlama muhokama qilinganini, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilganini ta'kidladilar. Ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha pozitsiya, qarash va yondashuvlar yaqin yoki o‘xshash ekani qayd etildi.

Top