17:00 / 07.07.2015
13150

Narendra Modining O‘zbekistonga safaridan fotojamlanma

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 6-7 iyul kunlarida O‘zbekistonda rasmiy davlat tashrifi bilan bo‘ldi.

Bosh vazirning matbuot xizmati bu safar davomidagi voqealarni a'lo darajada yoritib bordi. Uning Tvitter, Feysbuk hamda shaxsiy saytida safar jonli tarzda yoritib borildi.

Kun.uz sayti Narendra Modining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari asosida uning O‘zbekistonda o‘tkazgan safari yakunlari bo‘yicha hisobot-fotojamlanma tuzdi.

1. Hindistondan Toshkentga uchib kelish

Narendra Modi O‘zbekistonga 6 iyul kunining ikkinchi yarmida yetib keldi. Uni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kutib oldi. Shundan ko‘p vaqt o‘tmasdan Modining tvitterida O‘zbekistonga salom va hukumat rahbariga rahmat aytilgan tvit paydo bo‘ldi.

2. Islom Karimov bilan uchrashuv

Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan keyin Narendra Modi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashish uchun Ko‘ksaroyga yo‘l oldi. Ko‘ksaroyda ikki tomon delegatsiyasi o‘rtasida tor doirada muzokara o‘tkazildi. Uchrashuvda ikki tomon uchun dolzarb masalalar muhokama qilindi va yakunda investitsiyalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.

3. Narendra Modi Islom Karimovga Dehlaviyning “Hamsa” qo‘lyozmasining maxsus nusxasini sovg‘a qildi

Narendra Modi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuvi paytida otasi O‘zbekistondan bo‘lgan, o‘zi esa Hindistonning Uttar-Pradesh viloyatida dunyoga kelgan taniqli so‘fiy shoir Amir Husrav Dehlaviyning “Hamsa” qo‘lyozmasining maxsus nusxasini sovg‘a qildi.

4. Mustaqillik va ezgulik monumenti oldidagi baxtiyor ona haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi

7 iyul kuni hindistonliklar yetakchisi Toshkent shahri markazidagi Mustaqillik va ezgulik monumenti oldidagi baxtiyor ona haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etdi.


5. La'l Bahodur Shastri haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi

Narendra Modi Toshkentda 1966 yilda sirli ravishda vafot etgan Hindiston bosh vaziri La'l Bahodur Shastri sharafiga o‘rnatilgan haykal poyiga ham gulchambar qo‘ydi va uning xotirasini yodga oldi.

6. Toshkentdagi hind jamiyati a'zolari bilan uchrashuv

Shu kunning o‘zida Narendra Modi O‘zbekistondagi hindistonlik talabalar bilan uchrashdi va ilk o‘zbekcha-hindcha lug‘atni namoyish etdi.

Kunning ikkinchi yarmida Hindiston rahbari Toshkent aeroportidan Qozog‘iston poytaxti Astana shahriga yo‘l oldi.

Top