12:33 / 07.07.2015
2566

Qoraqalpog‘istonlik erkak qo‘shnisining qo‘yini o‘g‘irlab ketdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida yashovchi Janaboy qo‘shnisi Niyyotboyga tegishli 40 qo‘ydan iborat suruvga ko‘p muddat boshqacha ko‘z bilan qarab keldi. Bir kuni u tanishi Mahaddiyor bilan birga uning uyiga o‘g‘rilikka tushishga qaror qilishdi.

Sheriklar Niyyotboyning uyiga tunda kirib, eng semiz qo‘yni olib ketishdi, bir chekkada uni so‘yib, go‘shtini Aziz ismli do‘kondorga sotib yuborishdi. Ortiqcha savollar berilmasligi uchun qo‘yning Janaboyning tog‘asiga tegishliligini, uni shoqol tishlab olgani bois so‘yishga majbur bo‘lishgani aytildi. Go‘shtning kilosini 16 ming so‘mdan sotib olgan Aziz biroz shubhaga tushib, yigitlardan qo‘yning boshini olib kelishni talab qildi.

Ammo yigitlar qaytib kelmadi. Shunda Aziz militsiyaga murojaat qildi. “Na postu” nashrida yozilishicha, shu paytning o‘zida Niyyotboy ham qo‘ylarning kamayib qolganini payqab, tegishli joyga arz qilgandi. Ikki ishning o‘zaro bog‘liqligini tez orada aniqlagan militsiyachilar jinoyatchilarni qo‘lga oldilar.

Top