17:46 / 07.07.2015
5041

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston hududiga noqonuniy tarzda kosmetik vositalar olib kirish holatlarining oldi olindi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston hududiga kosmetik vositalar va parfyumeriya mahsulotlarini noqonuniy tarzda olib kirish bilan bog‘liq bir nechta holatlarning oldi olindi.

“Keles” bojxona posti xodimlari A.Yo‘lchiyev ismli fuqaro (ismi-familiyasi o‘zgartirilgan) “Moskva-Toshkent” yuk poyezdi orqali O‘zbekiston hududiga 41,5 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar olib kirishga harakat qilgan paytda to‘xtatib qolindi.

Yana bir holatda Toshkent bojxona boshqarmasi xodimlari tezkor ma'lumotlar asosida boshqa huquq-tartibot muassasalari vakillari bilan birgalikda fuqarolar A.Asadov va A.Turdiyev tomonidan boshqarilayotgan “Damas” va “Kobalt” avtomobillarini to‘xtatishganda mashinalar ichidan umumiy qiymati 35 mln so‘mni tashkil qiluvchi chet elda ishlab chiqarilgan 8 turdagi 2,5 ming dona kosmetik va parfyumeriya mahsulotlari aniqlandi. Yuk egalarida ushbu mahsulotlarga bojxona deklaratsiyasi va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qligi aniqlandi.

“Toshkent-Aero” maxsuslashtirilgan bojxona majmuasi xodimlari tomonidan “Seul-Toshkent” reysi bilan uchib kelgan Sh.Samandarov noqonuniy tarzda 159 dona kosmetik vosita olib o‘tmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olindi. Ushbu holat yuzasidan tergov ishi olib borilmoqda.

Toshkent bojxona boshqarmasi xodimlari huquq-tartibot muassasalari vakillari bilan birgalikda parfyumeriya mahsulotlari saqlanuvchi noqonuniy “omborxonani” fosh qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Toshkentning Uchtepa tumanida yashovchi U.Razzoqovaning uyidan umumiy qiymati 27 mln so‘mni tashkil qiluvchi chet elda ishlab chiqarilgan 17 turdagi 961 dona parfyumeriya vositalari aniqlandi.
Sud qarori bilan huquqbuzarlarga tegishlicha jazo chiqarildi, qo‘lga olingan mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Top