O‘zbekiston | 11:07 / 08.07.2015
14319
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda chop etilgan o‘zbek tili haqidagi kitob bir kunda qariyb 1300 nusxada sotildi

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida chiqqan “Afg‘onistonda o‘zbek milliy g‘oyasi va til ta'limi” kitobidan bir kunda 1 270 nusxa sotildi.

Kun.uz tahririyatining o‘z manbalaridan ma'lum bo‘lishicha, kitob dastlab 2 000 nusxada chop etilgan.

Mahalliy tadbirkor Xayrmuhammad Saljuqiy homiyligida nashr etilgan kitob muallifi o‘zbekistonlik tadqiqotchi Shuhrat Barlos hisoblanadi.

Ayni kunlarda Afg‘onistondagi o‘zbek jamoasi til va madaniyat sohasiga jiddiy urg‘u bermoqda. Mamlakatda o‘zbek tiliga rasmiy maqom berilishi bilan o‘zbek tilida kitoblar nashr qilinishi, umumta'lim maktablarining ochilishi jarayonlari tez sur'atlar bilan bormoqda. Afg‘onistondagi o‘zbek tili ta'limi muammolariga bag‘ishlangan ushbu kitob mahalliy intelligensiyada va yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

“Shuhrat Barlos tomonidan bitilgan bu kitob Afg‘oniston o‘zbeklari uchun maxsus ma'naviy va ma'rifiy mavzuda yozilgan va Afg‘oniston tarixida shu yo‘nalishda bosib chiqarilgan birinchi kitob hisoblanadi. Afg‘oniston o‘zbeklari uchun zarur mavzularni ichiga olgan eng kerakli ilmiy manbaga aylanadi”, – dedi, yangilikni sharhlar ekan, Shvetsiyadagi Xalqaro Bobur jamg‘armasi namoyandasi, fan doktori Said Abdulhakim Shar'iy Juzjoniy.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish