O‘zbekiston | 18:09 / 08.07.2015
4197
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda “Mikrokreditbank sarmoyalari – tadbirkorlik, bunyodkorlik va taraqqiyot xizmatida!” shiori ostida seminar o‘tkazildi

Andijon viloyatining Oltinko‘l va Asaka tumanida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Markaziy banki hamda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki hamkorligida “Mikrokreditbank sarmoyalari – tadbirkorlik, bunyodkorlik va taraqqiyot xizmatida!” shiori ostida seminar o‘tkazildi

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish joylari tashkil etish, aholining keng qatlami, ayniqsa kasb-xunar kollejlari bitiruvchilari va xotin-qizlarning bank xizmatlaridan foydalanishlarini yanada kengaytirishdan iborat. 

Davlatimiz Rahbari tashabbusi va 2006-yil 5-maydagi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida faoliyatini boshlagan mazkur moliya muassasasi qisqa davr mobaynida o‘zining kam foizli mikrosarmoyalari bilan ayol tadbirkorlarimizning to‘la ishonchini qozondi va ularning yaqin hamkoriga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 10-noyabrdagi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi soha rivoji uchun yanada katta imtiyoz va qulayliklar yaratdi. 

Yurtboshimizning “Ta'lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yosh tadbirlar salohiyatini ro‘yobga chiqishida dasturilamal bo‘lmoqda.

Turli davlat va jomoat tashkilotlari vakillari hamda aholi ishtirokida o‘tgan mazkur seminarda xalqimiz turmush sharoitini ko‘tarish, joylardagi mavjud muammo va kamchiliklarni bahamjihatlikda hal qilish yo‘llari, bu borada yaratilgan shart-sharoit, imtiyozlar, ayollar va yoshlar tadbirkorligi, oilaviy biznesni rivojlantirish hususida jonli muloqot tarzida batafsil ma'lumotlar beriladi. 

Tadbirda mazkur tumanlardagi kasb-hunar kollejlarining 40 nafar bitiruvchilariga, shuningdek, o‘n nafar tadbirkor ayollarga bankdan imtiyozli mikrokreditlar olish imkonini beruvchi maxsus sertifikatlar taqdim etildi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish