Jahon | 09:44 / 08.07.2015
4066
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin ko‘chalari “Falkon” tayfunidan keyin suv toshqini ostida qoldi

Filippin poytaxti joylashgan viloyatda kuchli yog‘ingarchilik bo‘lib o‘tdi. Mahalliy OAVlarning xabar berishicha, bu yog‘ingarchilikni 7 iyul kuni Luzon oroliga yaqinlashgan “Falkon” tayfuni olib kelgan.

Hukumat topshirig‘iga ko‘ra maktablarda o‘qish to‘xtatilgan, shaharlarning, jumladan Manilaning ko‘plab ko‘chalari suv ostida qolgan. Ob-havo mutaxassislari yog‘ingarchilik kuchayib, toshqinlar va yer ko‘chishlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Shamol kuchi soatiga 160 km tezlikka yetgan tayfun shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda harakatlanmoqda, yaqin ikki kunda u Xitoy sohillariga yetib borishi aytilmoqda.

7 iyul kuni Filippinning markaziy qismiga “Igey” shtormining o‘pirilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. Bundan tashqari, 2,3 mingdan ortiqroq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Tarkibiga 7 mingga yaqinroq orol kiruvchi Filippinga har yili 27tagacha tayfun va shtormlar daxl qiladi. Filippinga 2013 yilning noyabrida ob-havo kuzatishlari tarixidagi eng vayronakor “Xayyan” tayfuni o‘pirilishi oqibatida 6 mingdan ko‘proq odam halok bo‘lgan, tabiiy ofat 10 mingga yaqin aholi punktlarida yashovchi 12 mln.ga yaqin odamga u yoki bu darajada o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatgan.