Jamiyat | 16:18 / 08.07.2015
3773
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan tadbirkor qamaldi

2010 yilda Namangan tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga o‘tkazish inspeksiyasida “Zuhriddin gavhar” xususiy korxonasini rasmiylashtirib, faoliyatini boshlagan tadbirkor Zohidjon To‘lqinov shaharning Axsikent dahasida pishiq g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
“Vodiygazta'minot” unitar korxonasi shahar filiali xodimlari tomonidan 2011 yil iyun oyida o‘tkazilgan tekshirishlarda uning korxonaga zarar yetkazgani oshkor bo‘lib, dalolatnoma tuzildi. Shundan so‘ng tadbirkor bir muddat faoliyatini to‘xtatdi, xom g‘isht tayyorlab yurdi. 2013 yilning may oyida esa yana noqonuniy gazga ulanib, pishiq g‘isht ishlab chiqarishni qayta boshladi.
Gaz idorasi To‘lqinovga nisbatan besh marta dalolatnoma tuzdi. Uning unitar korxonaga 69.672 mln so‘m moddiy zarar yetkazgani aniqlandi. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
“Huquq” nashrining yozishicha, unga nisbatan sud tegishli hukmni chiqargan. Yetkazilgan zarar to‘la undirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish