19:32 / 08.07.2015
15137

O‘zbekiston banklari foiz stavkalarini o‘z ixtiyorlariga ko‘ra belgilaydilar

Endilikda O‘zbekiston banklari O‘zbekiston Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi va inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda omonatlarni jalb qilish bo‘yicha foiz stavkalari miqdorini o‘zlari belgilashlari mumkin.

Markaziy bank qarori bilan “Tijorat banklari tomonidan jalb qilinadigan omonatlar uchun foiz stavkalarini shakllantirish mexanizmi haqidagi qoidalar” tasdiqlandi. Undagi shartlar milliy valyutadagi jismoniy va yuridik shaxslarning omonatlariga nisbatan amal qiladi.

Milliy valyutada omonatlar bo‘yicha o‘rtamiyona foiz stavkasi banklar tomonidan yangi metodika bo‘yicha mustaqil ravishda hisoblab chiqiladi. Banklar har chorakda bankka jalb qilingan omonatlar va ular bo‘yicha foiz stavkalari bo‘yicha hisobotlar yuritadilar va Markaziy bankka topshiradilar.
Banklarning omonatlarni jalb qilish, jumladan foiz stavkalarini o‘rnatish, ularni va ularga hisoblangan foiz stavkalarini vaqtida qaytarish banklarning omonat va foiz siyosatiga muvofiq holda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga Qoidalardagi shartlar avval jalb qilingan omonatlar bo‘yicha foiz stavkalarini o‘zgartirish uchun asos bo‘la olmaydi.
Omonatchilar, kreditorlar va kredit oluvchilarning manfaatlarini himoya qilish, foiz stavkalarini asoslanganmagan holda oshirilib yuborilishining oldini olish va bu bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan xatarlarga yo‘l qo‘ymaslik, bank tizimining barqarorligini ta'minlash maqsadida markaziy bank foiz stavkalari darajasini monitoring qilib boradi. Bunda MB omonatlar bo‘yicha o‘rtamiyona foiz stavkasi qayta moliyalashtirish stavkasidan baland bo‘lgan banklar foiz siyosatining asoslanganini aniqlash maqsadida foiz siyosati va moliyaviy ahvolini o‘rganadi.
MB har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 10 sanasigacha o‘rtamiyona foiz stavkalari hisobini amalga oshiradi. Banklarda foiz stavkalarining asoslanmagan holda me'yoridan oshirib yuborilgani holati aniqlansa, MB bu stavkalarni kamaytirish vazifasini topshiradi.

Top