Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ufada ShHT va BRIKS sammitlari boshlandi: kun tartibida Suriya, Eron yadroviy dasturi va xalqaro iqtisodiy vaziyat
Boshqirdiston poytaxti Ufada ShHT va BRIKS tashkilotlarining sammiti boshlandi. Tadbir 10 iyulga qadar davom etadi.
Joriy yilda har ikki tashkilotda ham Rossiya raislik qilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkilotida bu yili ko‘zlangan asosiy maqsad tashkilot doirasini kengaytirib, uning a'zolarini ko‘paytirishdir. Ayni paytda tashkilotga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston kiradi, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Pokiston, Eron va Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega. BRIKS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR kiradi.
Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida BRIKS sammiti kun tartibida asosiy o‘rin jahondagi iqtisodiy vaziyatni sog‘lomlashtirishi muammolari bo‘lishini ma'lum qildi. Jumladan, “Yigirmalik guruhi” doirasida investitsion hamkorlikni rivojlantirish, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ishida rivojlanayotgan davlatlar ulushini oshirish singari masalalar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, yangi BRIKS banki va valyuta zaxiralari pulini rivojlantirishga to‘xtalib o‘tiladi.
Siyosiy sohada esa sammit ishtirokchilari Suriya va umuman yaqin Sharqdagi vaziyatni, Eron yadroviy dasturini va boshqa qator dolzarb xalqaro siyosiy masalalarni muhokama qiladi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra BRIKSning Ufa deklaratsiyasi qabul qilinadi.
ShHT sammitida esa 14ta qo‘shma qaror qabul qilinadi. Ular orasida Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo‘shilishi jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qaror ham bo‘ladi.