19:47 / 09.07.2015
4400

Jokovich Uimbldon turnirida to‘p uzatuvchi qizlardan biriga baqirib yuborgani uchun uzr so‘radi

Serbiyalik tennischi Novak Jokovich Uimbldon turnirining chorak finalida Kevin Andersonga qarshi o‘tkazilgan o‘yini vaqtida kort chetida to‘p uzatib berib turgan ko‘ngilli qizlardan biriga baqirib yuborgani uchun uzr so‘radi. Bu haqda Dailymail xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, Jokovich 8 iyul kuni o‘tkazilgan o‘yin vaqtida kort chetidagi qizlardan biriga baland ovoz bilan baqirgan va o‘ziga sochiq olib kelishni buyurgan. Guvohlarning aytishicha, shundan keyin bu qiz o‘yin tugaguniga qadar qaltiragan holda harakatlangan.

Bugun u bu ish uchun rasman uzr so‘ragan.

"Men bu qilgan ishim uchun uzr so‘rayman. Men o‘sha vaqtda ichimdan kelgan jahlni chiqarib yuborishim kerak edi. Baxtga qarshi o‘sha vaqtda o‘sha yerda o‘sha qiz bo‘lib qoldi. Umid qilamanki, u mendan qattiq ranjimagan. Bu ish bo‘lganidan afsusdaman", deydi tennischi.

Jokovich boll-boylarni hurmat qilishini, o‘zi ham bolaligida shunday ish bilan shug‘ullanganini bildirib o‘tgan.

Qayd etish joizki, shunga o‘xshash hodisa bu tennischi bilan avval ham ro‘y bergan. U 2015 yilning aprelida Mayamida o‘tkazilgan turnirda boll-boylardan biriga baqirgan va ko‘p o‘tmay, undan uzr so‘ragandi.

Top