Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniyada Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan harbiy samolyot kim oshdi savdosida 4,7 mln dollarga sotildi
Buyuk Britaniyaning Daksford shahrida tashkil etilgan auksionda Ikkinchi jahon urushi davriga tegishli Spitfire rusumli harbiy samolyot rekord darajadagi 3,1 mln funtga (4,7 mln dollar) sotildi. Bu haqda Christie's kim oshdi savdolari uyi ma'lum qilgan.
Ushbu samolyot narxi 2,5 mln funt (3,84 mln dollar)ga baholanayotgan edi. Bundan oldin shu rusumdagi tarixiy samolyot auksionda bundan ikki barobar arzonroq narxga sotilgandi.
Ma'lum qilinishicha, samolyotni amerikalik kolleksioner va milliarder Tomas Kaplan hamda uning rafiqasi Dafna xonim xarid qilgan. Bu samolyot sotuvidan tushgan daromad Buyuk Britaniya Qirollik harbiy-havo kuchlari faxriylariga yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan xayriya jamg‘armasi hisobiga o‘tkaziladi.
Janob Kaplanda shunday rusumdagi tarixiy samolyotlardan yana biri mavjud bo‘lib, u bu samolyotni Daksford shahrida Imperiya harbiy muzeyiga topshirdi.
Ma'lumot uchun, bu yili Buyuk Britaniyada fashistlar Germaniyasi harbiy samolyotlariga qarshi 1940 yilda boshlangan "Britaniya uchun" nomi ostida havo janglari boshlanganining 75 yilligi nishonlanadi. Imperiya harbiy muzeyiga sovg‘a qilingan Mark 1 Vickers Supermarine Spitfire harbiy samolyotida britaniyalik uchuvchi Piter Keyznov janglarda qatnashgan.
1940 yilning 24 may kunida Keyznov o‘z samolyoti bilan Fransiya shimolida halokatga uchragan va fashistlarga asirlikka tushgan. Uning samolyoti esa 1980 yilgacha, toki qirg‘oqdagi qumlar ochilib qolmagunigacha ko‘zdan panada yotgan.
Tomas Kaplan esa bu samolyotni sotib olib, uni restarvatsiya qildirgan edi.