08:55 / 10.07.2015
14104

Kurier: Poroshenko va Klichko Avstriya sudi oldida javob berishlari mumkin

Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich ma'muriyatining sobiq rahbari o‘rinbosari Andrey Portnov Vena prokuraturasiga Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko va Kiyev meri Vitaliy Klichkoga qarshi da'vo arizasi berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar bermoqda Avstriyada chop etiluvchi Kurier gazetasi.

Portnov Poroshenko va Klichkoni 2014 yil martda Venada “hukumatni noqonuniy tarzda bo‘lib olish va parlamentni tarqatish maqsadida” til biriktirganlikda ayblamoqda. Portnovning aytishicha, bu kelishuvning barcha bandlari bajarilgan: yangi hukumat muxolifatga alohida qattiqlik bilan qarshi chiqa boshladi va sudlarni betaraf qildi.

Ushbu jinoyatning amalga oshirilgani joyidan kelib chiqib, ish Avstriya sudida ko‘rilishi kerak, deb hisoblamoqda Portnov. Nashrning yozishicha, Portnovning “imkoniyatlari yaxshi baholanmoqda”.

Ayni paytda Portnov advorkatlari bilan prokuraturaga da'vo arizasi tayyorlamoqda.

Joriy yilning may oyida ukrainalik milliarder Dmitriy Firtash Vena sudida Pyotr Poroshenko bilan maxfiy siyosiy kelishuvlarga erishgani va Vitaliy Klichkoga ta'siri haqida ma'lumot bergan edi. Firtashning ko‘rsatmalariga ko‘ra, bu ikki siyosatchi o‘z lavozimlarini uning qo‘llab-quvvatlashi evaziga egallaganlar.

Top