Jahon | 10:21 / 10.07.2015
35829
4 daqiqa o‘qiladi

Ufada Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi

Ufada ShHT sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov, Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzay bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ufada 8-10 iyul kunlari ShHT va BRIKS sammitlari o‘tkaziladi. Joriy yilda har ikki tashkilotga Rossiya raislik qilmoqda.
Ayni paytda ShHT tarkibiga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi. Mo‘g‘uliston, Hindiston, Pokiston, Eron va Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega. 2014 yil sentabrida Hindiston va Pokiston ShHTga a'zo bo‘lishga rasmiy talabnoma bilan chiqishdi. Shri-Lanka va Armaniston kuzatuvchilikka murojaatnoma bilan chiqishdi.
Ilgariroq Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov sammit davomida 14ta qo‘shma qaror qabul qilinishini ma'lum qilgan edi. Sammit yakunlariga ko‘ra Ufa deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Vladimir Putinning Islom Karimov bilan uchrashuvi doirasida keng miqyosdagi masalalar ko‘rib chiqiladi. Asosan savdo va iqtisodiyot hamda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik hamda boshqa dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar borasida fikr almashiladi.
Joriy yilning 14 noyabrida ikki davlat o‘rtasidagi ittifoq shartnomasi imzolanganiga 10 yil to‘ladi. O‘tgan yili strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanganiga o‘n yil bo‘lgan edi. O‘zbekiston va Rossiyaning siyosiy dialogi muntazam xarakterga ega. 2014 yil sentabrida ikki davlat rahbari ShHTning Dushanbek sammiti doirasida suhbat o‘tkazgan edi. O‘sha yilning dekabrida esa Putin O‘zbekistonga rasmiy safar uyushtirdi.
Yuriy Ushakovning ma'lum qilishicha, uchrashuv kun tartibidagi asosiy masala energetika bo‘yicha kooperatsiya bo‘ladi.
“LUKOyl” va “O‘zbekneftgaz” tomonidan Qandim-Havzak-Shodi-Qo‘ng‘irot gaz-kondensat konlarining o‘zlashtirilishi doirasida 2004-2014 yillarda “LUKOyl” investitsiyalarining umumiy hajmi 3 mlrd dollarni tashkil qildi. Istiqbolda amaldagi loyihalar realizatsiyasiga 15 mlrd dollar tikish ko‘zlanmoqda.
Besh yil davomida Ustyurt platosidagi geologik razvedka dasturiga “Gazprom” 390 mln dollar pul ajratdi. Rossiya kompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilinayotgan Shohpaxti konidan 2004 yildan buyon olingan gaz hajmi 2.5 mlrd kubometrni tashkil qildi.
2012 yili imzolangan 56.5 mln dollarlik shartnomaga binoan “Siloviye mashini” MChJ Chorvoq SES modernizatsiyasi bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Rossiya ayni paytda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkoridir, bu borada uning ulushi 27 foizni tashkil qiladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Rossiyaning MDH hududidagi asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri bo‘lib, Belarus, Qozog‘iston va Ukrainadan keyingi o‘rinni egallaydi. O‘tgan yili tovar aylanmasining umumiy hajmi 4 mlrd dollarni tashkil qildi. Ammo joriy yilning dastlabki to‘rt oyida o‘zaro savdo hajmi 29 foizga tushib ketdi.
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 900ga yaqin kompaniya Rossiya kapitaliga ega. Rossiyada esa 489 qo‘shma korxona va firmalar tashkil qilingan. O‘zbekistondagi eng yirik investorlar qatoriga “LUKOyl”, “Vimpelkom”, “Yevrosement Grupp” va “Gazprom” kiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish