14:00 / 11.07.2015
2271

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi FIFA reytingida 45-o‘rinda qayd etildi

FIFA ayollar terma jamoalarining navbatdagi reytingini e'lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi jahon reytingida 45-o‘rinda, Osiyo qit'asi reytingida esa 10-o‘rinda bormoqda.

Osiyo Qit'asi reytingini esa Kanadada yakuniga yetgan ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati finalchisi Yaponiya terma jamoasi boshqarmoqda. Osiyoning eng kuchli terma jamoasi ayni damda jahon reytingida 4-o‘rinda bormoqda. Qit'a reytingida Yaponiyadan keyingi o‘rinlarni KXDR (8) hamda Avstraliya (9) terma jamoalari egallab turishibdi. 

Qayd etish lozim, Kanadada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etgan Osiyoning 4 terma jamoasi jahon reytingida ko‘tarilishga erishgan - KXDR, Avstraliya, Xitoy hamda Janubiy Koreya. Yaponiya terma jamoasi esa o‘z o‘rnida qolgan. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa avvalgi oydagi reytingidan bir pog‘ona pastga tushgan.

Ayollar terma jamoalari o‘rtasidagi yangi reytingida esa AQSh terma jamoasi peshqadamga aylandi. Kanadada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati g‘oliblari reytingda Germaniya terma jamoasini ortda qoldirib peshqadamlikni qo‘lga olishdi. Kuchli uchlikdan shuningdek Fransiya terma jamoasi o‘rin olgan.

Osiyo Qit'asi reytingida esa kuchli o‘nlik quyidagicha ko‘rinish olgan:

1. Yaponiya (4).
2. KXDR (8).
3. Avstraliya (9).
4. Xitoy (14).
5. Janubiy Koreya (17).
6. Tailand (30).
7. Vetnam (35).
8. Xitoy Taypeyi (39).
9. Myanma (43).
10. O‘zbekiston (45).

Jahon reytingining to‘liq ko‘rinishi bilan FIFA rasmiy saytida tanishish mumkin.

Top