Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bugun tunda Chagayev chempionlik kamarini himoya qilish uchun Franchesko Pyaneta bilan jang o‘tkazadi
Bugun, 11 iyulda Germaniyaning Magdeburg shahrida o‘ta og‘ir vazn toifasida WBA talqini bo‘yicha “muntazam” chempion, o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev va bu unvonga da'vogar qilayotgan italiyalik Franchesko Pyaneta o‘rtasida jang bo‘lib o‘tadi.
Bu jang g‘olibi WBA ning superchempioni – ukrainalik Vladimir Klichkoning potensial raqibiga aylanadi.
36 yoshli Chagayev WBA vakant unvonini Grozniyda AQShlik Fres Okendo ustidan g‘alaba qozonib qo‘lga kiritdi.
Chagayev avval WBA talqini bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan edi –2007 yilda Chagayev WBA chempioni kamarini rossiyalik Nikolay Valuyevdan tortib olgan. Chagayev 2009 yilda ikki marta Valuyev bilan jang qilishdan bosh tortgani uchun chempionlik unvonidan mahrum etilgan. Oqibatda chempionlik unvoni vakant deb e'lon qilingan edi.
Shu bilan birga Chagayev 2009 yilda o‘shapaytda WBO va IBF talqinlari bo‘yicha chempion bo‘lgan Vladimir Klichko bilan jang o‘tkazgan. Chagayev jangning 9-raundidan keyin jangni davom ettirishdan bosh tortgan.
Franchesko Pyaneta ham Klichko bilan ham jang o‘tkazgan. 2013 yilda italiyalik bokschi ukrainalikka qarshi jangda 6 raund dosh bera olgan va texnik nokaut bilan jangni boy bergan.
30 yoshli Pyaneta o‘zining avvalgi jangini 2014 yilda xorvatiyalik bokschi Ivitsa Bachuringa qarshi o‘tkazgan va hakamlarning bir ovozli qarori bilan WBO talqini bo‘yicha Yevropa chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
Jangdan avval o‘tkazilgan vazn o‘lchashda Chagayev 111,6 kg, Pyaneta esa 110 kg vaznga egaligi ma'lum bo‘ldi.
Jang “Rossiya 2” kanali orqali Toshkent vaqti bilan 01:00 dan boshlab olib beriladi.