O‘zbekiston | 15:14 / 11.07.2015
22773
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Chexiya elchixonasi VISA POINT tizimini joriy qiladi

Chexiya davlatining Toshkentdagi elchixonasi 2015 yilning 1 avgustidan Shengen vizasini olish uchun Visa Point elektron ro‘yxatga olish tizimini ishga tushiradi. Bu haqda elchixona matbuot xizmati xabar bergan.

Shengen hududi bu – Shengen qonunchiligi to‘liq qo‘llanuvchi bir qator davlatlar hududining yig‘indisi hisoblanadi. Ushbu hududda kishilarning harakatlanish erkinligi yuqori darajada ta'minlangan bo‘lib, pasport nazorati doimiy tartibda amalga oshirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 1995 yilning 26 mart kuni kuchga kirgan Shengen Bitimi 1985 yilda Lyuksemburgning Shengen shaxrida 5ta davlat tomonidan imzolagan edi. O‘shanda yettita mamlakat - Belgiya, Fransiya, Germaniya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya va Ispaniya o‘rtasida pasport nazorati bekor qilingan. 1997 yilda Shengen xududiga Italiya va Avstriya, 2000 yilda Gretsiya, 2001 yilda esa Skandinaviya  pasport Ittifoqiga a'zo Daniya, Finlyandiya, Shvetsiya xamda Yevropa Ittifoqining a'zolari bo‘lmagan Islandiya va Norvegiya qo‘shildi.

2007 yilda yana  9 mamlakat — Chexiya, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya va Sloveniya Shengen xududining a'zolari bo‘ldi. Bu davlatlarning hammasi uch yil avval Yevropa Ittifoqiga kirgan edi. Shveytsariya  Shengen xududiga 2008 yilning 12 dekabr kuni,  Lixtenshteyn esa 2011 yilning 19 dekabrida kirdi. Ayni damda Shengen hududi 400 million aholi istiqomat qiladigan 4 million 312 ming 99 kvadrat  kilometrni tashkil qiladi.

O‘tgan 20 yil davomida Shengen hududiga 30ta davlat kirgan bo‘lib, amalda 26ta davlatda chegara nazorati bekor qilingan. Bu Yevropada hujjatsiz yursa bo‘ladi, degani emas. Har bir mamlakatda bojxonachilar, politsiya xodimlari va chegarachilar yo‘lovchidan shaxsni tasdiqlovchi va mazkur mamlakatda yurish uchun ruxsat beruvchi hujjat talab qilishlari mumkin.

Buyuk Britaniya va Irlandiya Shengen Bitimini imzolagan bo‘lishiga qaramay, pasport nazoratini kuchda qoldirgan. Shu sababli ham bu ikki mamlakatga boruvchilar albatta viza olishlari kerak bo‘ladi. Hozircha Yevropadagi Bolgariya, Ruminiya va Kipr Shengen hududiga kirmaydi. Ayni damda hududga Bolgariya va Ruminiya kirishga harakat qilmoqda. Biroq bu ikki mamlakatning Shengen hududiga kirishiga Fransiya, Niderlandiya va Germaniya qarshilik ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilar, hozircha Bolgariya va  Ruminiyaning  Shengen xududiga kirish yo‘lida biror bir siljishlar ko‘zga tashlanmayotganini aytishmoqda. Bunga bu davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib bormayotgani sabab sifatida ko‘rilmoqda. Shimoliy Kipr bilan bog‘liq muammo tufayli Kiprning Shengen xududiga kirishi noma'lum muddatlarga kechiktirildi.

Bolgariya, Ruminiya, Xorvatiya va Kipr o‘rtasida “Mini-Shengen” bitimi amal qiladi. Ya'ni, bu mamlakatlardan biriga viza olish qolgan  uch davlatga bemalol borish imkoniyatini taqdim qiladi.

Shengen hududiga Yevropa Ittifoqining a'zosi bo‘lmagan Islandiya, Norvegiya, Shveytsariya va Lixtenshteyn, shuningdek Yevropadagi uchta mini-davlat Monako, San-Marino va Vatikan xam a'zo bo‘lib kirgan. Andorra bilan ham ichki chegara nazorati yo‘q. Shengen qoidasiga ko‘ra, a'zo mamlakatlar chegaralarida nazorat bekor qilingan.

Shengen bitimiga a'zo har bir davlat ma'lum vaqt, ya'ni milliy xavfsizligiga taxdid tug‘ulgudek bo‘lsa, undan chiqib turishi mumkin. Ayrim hollarda, ya'ni davlat va hukumat rahbarlarining sammitlari va sport musobaqalari davridagina Shengen hududiga a'zo mamlakatlar chegaralarida ma'lum muddat chegara nazorati o‘rnatilishi mumkin.

Shuni ta'kidlash kerakki, Shengen hududiga kirmoqchi bo‘lgan davlatlar to‘rtta yo‘nalishda sinovdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Ya'ni, havo chegaralari, viza, ichki ishlar vazirliklarining hamkorligi va ma'lumotlarni muhofaza qilish masalalari Yevropa Ittifoqining maxsus ekspertlari tomonidan diqqat bilan o‘rganib chiqiladi.

Shengen Bitimiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar chegaralarida bojxona va viza to‘siqlari olib tashlanadi. Shengen Bitimiga kirgan mamlakatlardan biriga viza olgan xorijlik bu mamlakatlarning xohlaganida erkin harakatlanishi mumkin.

Shengen Bitimi Fransiya va Niderlandiyaning xorijdagi hududlariga taalluqli emas. Daniya qirolligi tarkibiga kiruvchi  Grenlandiya va Farer orollarida ham Shengen Bitimi amal qilmaydi. Bu hududlarga borish uchun maxsus ruxsatnoma olishga to‘g‘ri keladi. Norvegiyaning tarkibiy qismi bo‘lmish xalqaro maqomdagi Shpitsbergen arxipelagiga borish uchun xam birgina Shengen Bitimi yetarli emas. Ispaniyaning Afrika qitasida joylashgan  Seuta va Melilya shaharlariga Shengen vizasi bilan borish mumkin, ammo qaytishda albatta politsiya nazoratidan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Gretsiya tarkibidagi Muqaddas Afon tepaligida ham Shengen bitimi amal qilmaydi. Ming yildan beri davom etib kelayotgan ananaga ko‘ra Monaxlar respublikasi bo‘lmish bu yerga faqat erkaklargina borishi mumkin. Buning uchun  Afon rasmiylaridan maxsus viza olinishi kerak bo‘ladi. Bu viza uch kunga beriladi.

Shengen Bitimining afzaligi shundaki, Yevropadagi biror bir mamlakatning qaysidir mamlakatda elchixonasi bo‘lmasa bundan fojia yasash kerak bo‘lmaydi. Shengen Bitimiga a'zo mamlakat elchixonalaridan birortasi siz bormoqchi bo‘lgan mamlakat manfaatlarini bajarib turadi. Masalan, o‘zbekistonliklar Belgiyaga bormoqchi bo‘lishsa, u holda Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasiga (konsulxonasiga) murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish