12:48 / 11.07.2015
2427

Xitoyda "Chan-xom" tayfuni xavfi tufayli deyarli 1 mln kishi evakuatsiya qilindi

Xitoy sharqidagi Chjyetszyan viloyatida 960 ming nafardan ortiq aholi "Chan-xom" tayfuni mamlakat qirg‘oqlariga yaqinlashib kelayotgani tufayli evakuatsiya qilindi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Ochiq dengizdagi 28 mingdan ortiq kema va qayiqlar portlarga qaytishi kerakligi haqida ko‘rsatma berilgan.

Qirg‘oq hududlaridagi shaharlardagi aeroportlar yopib qo‘yilgan va 600dan ortiq aviareyslar bekor qilingan.

Shuningdek, uzoq masofaga qatnovchi avtobus yo‘nalishlari hamda poyezdlar harakati to‘xtatib qo‘yilgan.

Ayni vaqtda tayfun Xitoy qirg‘oqlaridan 145 km uzoqlikda harakatlanayotgani aytilgan. Yaqin soatlar ichida bu tayfun Xitoyga yetib kelishi kutilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, bu tayfun soniyasiga 58 metr tezlik bilan harakatlanmoqda.

Xitoy sharqidagi Futtszyan va Chjyetszyan viloyatlarida xavflilikning yuqori darajasi e'lon qilindi. Tayfun Shanxay shahriga ham zarar yetkazishi mumkinligi aytilmoqda.

"Chan-xom" tayfuni shu haftaning o‘zida Xitoyga daxl qilayotgan ikkinchi tayfun hisoblanadi. 9 iyul kuni ham Xitoy janubiga "Lyanxua" tayfuni yopirilgan va undan 1,6 mln kishi jabrlangandi. Bu tayfun keltirgan zarar 1,3 mlrd yuan (213 mln dollar)ga baholangan.

Top