12:10 / 12.07.2015
2721

Bosniya va Gertsegovina hukumati Serbiya bosh vaziriga uyushtirilgan hujum uchun uzr so‘radi

Bosniya va Gertsegovina hukumati Srebrenitsada musulmon aholining ommaviy qirg‘inining 20 yilliga bag‘ishlangan motam marosimi paytida Serbiya bosh vaziriga uyushtirilgan hujum uchun barcha xorijiy delegatsiyalardan uzrni so‘radi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

“Bosniya va Gertsegovina prezidiumi yetkazilgan noqulayliklar uchun barcha xorijiy delegatsiyalardan uzr so‘raydi. Prezidium Srebrenitsaga tashrifi uchun Vuchichga minnatdorchilik bildiradi. U bu tashrifini yarashish ruhida va qurbonlar xotirasini yod etish maqsadida amalga oshirgan”, deb aytilmoqda hukumatning rasmiy bayonotida.

Bosniya va Gertsegovina prezidiumi politsiyachilar va barcha darajadagi huquq-tartibot muassasalaridan bu hujumni uyushtirgan barcha shaxslarni aniqlash uchun sinchkov tergov o‘tkazishni talab qildi.

Srebrenitsadagi ushbu noxush holat BMT va Yevropa kengashi tomonidan qoralandi.

Ma'lumot uchun, Vuchich 11 iyulda Potochari yodgorlik markazidagi haykalga gulchambar qo‘ygandan keyin noma'lum shaxslar guruhi “Allohu akbar!” deya hayqirib, Vuchich tomonga tosh va suv solingan idishlarni uloqtirishgan. Toshlardan biri Vuchichning boshiga tegib, uning ko‘zoynagini sindirgan. Guvohlarning aytishlaricha, serb delegatsiyasi zudlik bilan avtomobillarga o‘tirib, yodgorlik markazini tark etgan.

Serbiya Tashqi ishlar vaziri Ivitsa Dachich Srebrenitsadagi noxushlikni butun Serbiyaga hujumdek talqin qildi, Vuchichning o‘zi esa bu hujumga avvaldan tayyorgarlik ko‘rilganiga ishonchi komilligini aytdi. Serbiya Tashqi ishlar vazirligi hujum holati yuzasidan tergov o‘tkazib, barcha ayblanuvchilarning jazolanishini talab qildi.

Bu motam marosimlarida o‘n minglab odamlar ishtirok etgan. Ommaviy qirg‘inlar qurbonlari xotirasini yod etish uchun Srebrenitsaga Makedoniya, Xorvatiya, Sloveniya prezidentlari va boshqa yuqori lavozimli mansabdor shaxslar ham kelgan edi.

Ma'lumot uchun, 1995 yil 11 iyulda bosniyalik serblar musulmonlar anklavi bo‘lgan Srebrenitsada 8 mingga yaqin kishini o‘ldirgan. Serb tomoni bu jinoyatni rad etmay, bu serblarning ekstremist musulmonlar tomonidan o‘ldirilishiga o‘zi xos javob bo‘lganini ta'kidlagan.

Top