Sport | 17:18 / 12.07.2015
2740
3 daqiqa o‘qiladi

Kasilyasning otasi Peresni matbuotda Ikerga qarshi kampaniya tuzganlikda aybladi

"Real" jamoasi darvozasini 16 mavsum davomida qo‘riqlab, endilikda "Portu"ga transfer qilingan Iker Kasilyasning otasi Xose Luis o‘z o‘g‘liga nisbatan jamoa prezidenti Florentino Peres yaxshi munosabatda bo‘lmagani haqida aytib o‘tdi.

"Jamoa prezidentligida Lorentso Sans va Ramon Kalderon bo‘lgan davrlarda ular Iker haqida alohida qayg‘urishardi. Florentino Peres esa o‘g‘limni hech qachon munosib qadrlamagan. Iker unga hech qachon yoqinqiramagan. Bunga sabab Ikerning bo‘yi daroz bo‘lmaganidir. Peres doimo baland bo‘yli darvozabonlarni ma'qul ko‘rgan. Shuning uchun, u hamisha Buffonni transfer qilish haqida o‘ylardi.
O‘g‘lim bu jamoada juda ko‘p sinovlarni boshidan kechirdi. Matbuotda uni faqat tanqid qilish bilan mashg‘ul guruhlar paydo bo‘ldi. U Peresning rahbarligi davrlarida hamisha ruhiy bosim ostida bo‘lardi. Uni 5 yil davomida kamsitishdi. Bu esa uning ruhiy holatida aks etmay qolmadi.
OAVdagi bunday g‘arazgo‘y kampaniya Peresning tashabbusi bilan tashkil etilganiga ishonchim komil. U 2010 yilda shunday kampaniya tashkil etgandi. Jurnalistlar o‘shandan beri o‘g‘limning har qadamini kuzatib, uni qoralash uchun bahona izlashdi. Buni jinoyat deb baholagan bo‘lardim. Axir, Ronaldu va Beyl ham o‘yinlarda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishardi, lekin matbuotda Iker kabi qattiq tanqid qilinmasdi. 
Hammaga ma'lumki, Yevropadagi ko‘plab kuchli jamoalar Ikerni o‘z tarkibida ko‘rish taklifini bildirishdi. Lekin Peres bu takliflarning barchasini rad etib, uning nomdor jamoada o‘ynashini istamasligini ko‘rsatdi. U bunday ishni oldinroq, Morata va Morentesga nisbatan ham qilgandi. U o‘zi yoqtirmaydigan odamlarning omadga erishishiga to‘sqinlik qiladi", deydi ota.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish