14:16 / 12.07.2015
4360

OAV: AQSh Shrederni uning Rossiya bilan aloqalari uchun kuzatgan

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shreder ortidan kuzatuv olib borgani bo‘yicha izoh berdi.

Unga ko‘ra, Shreder u o‘z postini tark etgan 2005 yildan keyingina kuzatila boshlagan. Bu haqda AQSh maxsus xizmatlariga asoslangan holda Bild am Sonntag nashri xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, MXA Shrederning Rossiyadan Yevropaga gaz yetkazib berish quvurining yo‘lga qo‘yilishiga bosh-qosh bo‘lgan "Shimoliy oqim" kompaniyasining aksiyadorlar qo‘mitasiga rahbarlik qilgandagi faoliyatini kuzatgan.

Bild am Sonntag nashrida yozilishicha, Shreder Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqalarini saqlab qolayotgani AQSh maxfiy xizmatlarida shubha uyg‘otgani uchun shunday kuzatuvlar olib borilgan.

Biroz oldin, Germaniya matbuoti WikiLeaks tomonidan 10 yil davomida mamlakat rahbarlari, xususan Angela Merkel va Gerxard Shreder, yana bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ortidan AQSh MXAsi kuzatuv ishlarini olib borgani haqidagi ma'lumotlar e'lon qilinishini muhokama qila boshlagandi. Ma'lumotlarda aytilishicha, amerikaliklar birinchi navbatda Germaniya iqtisodi va valyuta siyosatini o‘rganish uchun kuzatuvlarni yo‘lga qo‘yishgan.

Bu ma'lumotlar chop etilganidan keyin, AQShning Berlindagi elchisi Jon Emerson maslahatlashuv uchun chaqirib olingandi.

Top