21:18 / 12.07.2015
2205

Qirg‘iziston bosh vaziri: Qirg‘iziston va Hindiston o‘rtasidagi savdo aylanmasini 200 mln dollarga yetkazish lozim

Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev Qirg‘iziston bilan Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasi ikki davlatning imkoniyatlariga mos kelmasligi va uning ko‘paytirilishi kerakligini aytmoqda. Bu haqda Sariyev Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan urashuvi davomida ma'lum qildi.

“Hindiston bilan ikki tomonlama hamkorlikning mavjud darajasi asl salohiyatiga mos kelmaydi. Ikki davlat o‘rtasidagi yillik savdo aylanmasi 38 mln dollarni tashkil qiladi va biz bu raqamni 200 mln dollargacha yetkazishimiz kerak”, deb aytmoqda Sariyev. Sariyevning fikricha, eksport-import operatsiyalarining hajmini yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hisobiga keskin oshirish mumkin.

Hozirda Modi Markaziy Osiyo davlatlariga safari doirasida rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonda bo‘lmoqda. Modi Bishkekda Qirg‘iziston prezidenti Olmosbek Atamboyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, ikki tomonlama hamkorlik haqidagi kelishuvlarning imzolanishida ishtirok etdi. Shuningdek, Modi Hindiston tomonidan Qirg‘iziston Mudofaa vazirligiga harbiy-dala mobil gospitalining topshirilishi marosimida ishtirok etdi. Ushbu gospital uchun uskunalar Hindiston hukumatining Rossiyadagi mablag‘lari hisobiga xarid qilingan.
Modi Bishkekda Qirg‘iziston milliy parlamenti spikeri Asilbek Jonibekov bilan uchrashishni, Bishkek-Dehli teleko‘prigida ishtirok etishni va Maxatma Gandi haykalining ochilishi marosimida qatnashishni rejalashtirmoqda.

Top